Iroqning Musul shahrini "Islomiy davlat" jangarilaridan tortib olish amaliyoti davom etmoqda. Bu yerda ko'hna Nineva shahri ham joylashgan. Shu yil boshida Suriya hukumati kuchlari yana bir qadimiy Palmira shahrini ozod qilgan edi. Har ikki shaharda ko'plab tarixiy yodgorliklar vayron qilingan. Ba'zilarini qayta tiklab bo'lmaydi. Bir guruh mutaxassislar kompyuterlar orqali obidalarning uch o'lchamli nusxalarini yaratish ustida ishlamoqda.
Suriyaning Palmira shahriga yetkazilgan zararning ko'lami katta. Ayrim joylarda minglab yillar yashab kelgan obidalar bir necha kun ichida yakson qilingan.
Ayrim osori atiqalar, masalan, mana bu savat parchasi sakkiz yarim ming yillik tarixga ega.
Bir guruh arxeologlar ularni uch o'lchamli suratlar orqali qayta tiklamoqda.
"Ular haqidagi barcha ma'lumotlar o'qilgan, tarjima qilingan va suratga olinganiga qaramay, mutaxassislar haqiqiy nusxasini ko'rishni xohlaydi. Kelasi avlod balki bu talqinga ishonmas. Ular obyektlarning ozini o'rganishni istashi mumkin", - deydi tadqiqotchi Oliver Nivonheyza.
Leyden universiteti va Delft Texnologiya universiteti tadqiqotchilari yodgorliklarning silikon nusxasini skanerdan o'tkazib, 3D printerida chop etmoqda.
"Qo'lingizdagi mahsulot raqamli fayl bo'ladi. Uni dunyoning u tomonidagi hamkoringiz bilan baham ko'rish mumkin", - deydi Nivonheyza.
Mark Viden kabi tadqiqotchilar bu ishdan mamnun.
"Bu toshlarni qaysidir shaklda saqlab qolmasak, insoniyat uchun katta yo'qotish bo'ladi. Ulardagi ma'lumotlarni asrashning yo'li bor. Bu juda ajoyib", - deydi Viden.
Maqsad o'tmishga oyna ochadigan yodgorliklarni saqlab qolish. Chunki vaqt o'tishi bilan ular yo'q bo'lib boradi.