Breaking News

“Sendi”dan hamon o’ziga kelmagan aholiga yordam


Nyu-Jersidagi manzara
Nyu-Jersidagi manzara
AQSh Kongressi sharqiy sohillarni xonavayron qilgan “Sendi” dovulidan jabr ko’rgan oilalar uchun 9 milliard dollarlik yordam dasturini ma’qulladi.

Prezident Barak Obama unga qo’l qo’ydi. Lekin tabiiy ofat va uning asoratlaridan qiynalgan, uyi, ishi va bizneslaridan ayrilgan fuqarolar hukumat yordamni ta’minlashda sustkashlik qildi, deya shikoyat qiladi.

Quyi palatadagi respublikachilar 1-yanvarda “Sendi” dovuli jabrdiydalariga yordam loyihasini ovozga qo’ymadiyu Nyu-York ahlidan baloga qoldi. Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristining g’azabi qaynadi:

“Fuqarolar tabiiy ofatdan azob chekkan pallada biz demokrat yoki respublikachi emas, vatandosh sifatida, amerikalik sifatida javob berishimiz kerak. Lekin qonunchilar vatanga xizmatni emas, siyosatni afzal ko’rganiga guvoh bo’ldik. Jirkanch bir holat bu”.

Nyu-Yorkning to’fondan qaqshatqich zarba yegan Red Xuk tumanida odamlar arang kun ko’rayapti. Denis Karbonellning biznesi 75 ming dollar zarar ko’rdi.

“Menimcha, bu mahallalarda nima bo’layotgani bilan hukumatning ishi yo’q. O’zim savdo-sotiq sohasida ishlayman. Bu gal bayram oldi oldi-sotdi juda yomon bo’ldi. Bilasiz, asosiy daromadni Rojdestvo paytida, yangi yil kirmasidan qilamiz. Lekin bu safar qup-quruqmiz. Shuning uchun bir yarim oy, jilla qurisa, ikki oyga yopilishga qaror qildik. Sal o’zimizga kelaylikchi…” - Karbonell.

Denis Karbonell uyini isitish uchun o’tin g’amlab qo’ygani asqatdi. Lekin ko’p qavatli binolarda yashaydiganlar nima qilsin? Eboni Fergerson ana shundaylardan:

“Gazni yoqib qo’yaman. Ikkita isitgichim ham doim ishlab turadi. Nima qilishimizni bilmay qoldik”.

Ayol hukumat bunday hollarda tez qimirlashi kerak deydi.

Haykaltarosh Antonio Bilotta dovul paytida aksariyat asarlari, anjomlaridan ayrildi. Ustaxonasi shundoq sohil bo’yida. Holi yanayam xarob oilalar kam emas, deydi u.

“Ofat natijasida boridan judo bo’lgan, muhtoj insonlarni bilaman. Ularning ahvoli menikidan ming bor og’ir. Hukumat avvalo ana shularga yordam bersin”, - deydi Bilotta.
Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi "ofat paytida siyosatni yig'ishtirib, odamday muomala qilaylik bir-birimizga" deydi
Nyu-Jersi gubernatori Kris Kristi "ofat paytida siyosatni yig'ishtirib, odamday muomala qilaylik bir-birimizga" deydi

Fort Defiance restorani egasi Jon Frizell dovuldan keyin binoni butunlay qayta remont qilishga majbur bo’ldi. Kongress nega jonli-jonli harakat qilmadi, deya hayron bo’ladi u.

“Aqlim lol. Nega to’fondan keyin ikki oy kutishdi? Nega orqaga surishdi masalani. Red Xuk tumani, Nyu-Jersi va butun Nyu-York yordamga muhtoj ekani shundog’am ravshan-ku. Ikki oy oldin yordam yuborishlari kerak edi”, - deydi Frizell.

U restoranni ta’mirdan chiqarishda yordam bergan ustalardan qarzini uzishi kerak. Davlatdan madad yetib kelguniga qadar u, el qatori, qo’ni-qo’shniga suyanib turadi.

"Sendi"ning qilmishi:


To'fon jabrdiydalari AQSh hukumatidan norozi/Sandy disaster aid
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:12 0:00

Nyu-Yorkdagi muhojir oilalar/NY Sandy victims
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:52 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG