Breaking News

Mesxeti turk muhojiri Virjiniya shtatida o'z biznesini ochgan


Yasha Ismoilov, O’zbekistondan, mesxeti turklardan, Virjiniya shtatida yashaydi
Yasha Ismoilov, O’zbekistondan, mesxeti turklardan, Virjiniya shtatida yashaydi

Qochqinlar yangi mamlakatda yangi hayotni qanday boshlaydi? Til bilmasangiz, shart-sharoit bilan tanish bo’lmasangiz, imkoniyatlarni qaydan bilasiz? Virjiniya shtatining Sharlotsvil shahridamiz.

Yasha Ismoilov ishini sevadi.

“Qanday mashina bo’lsa, tuzatamiz. Shu paytgacha hech kim ta’mirlay olmagan vositani bizga olib kelishadi. Tuzatamiz, albatta, yo’lini topamiz”, - deydi u.

Ismoilov “Larry’s Auto” degan biznesini to’qqiz yil oldin ochgan.

“Yangi kelgan paytimizda, uch yil qattiq mehnat qildik. Amerika nima ekanini o’rgandik. Tushundik. To’rt kishi edik. Kuniga ikki ishni epladik. Bo’yoqchilik qildim. Konditsioner tuzatdim. Montyorlik ham qildim. Xullas, o’zimizni har sohada sinab ko’rdik”, - deydi u.

Qochqinlar va kichik bizneslar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:59 0:00

Ismoilov O’zbekistondan, mesxeti turklardan. Jamoa vakillarini Amerikaning turli shtatlarida uchratasiz.

“Oilam Rossiyaga qochgan, chunki O’zbekistonda 1989-yilda qatliom bilan yuzlashganmiz”, - deydi Ismoilov.

AQSh 2004-yilda mesxeti turklarni qabul qila boshladi. Ismoilov o’shanda 22 yoshda edi. Yaqinlari bilan Virjiniya shtatiga ko’chib keldi.

“Sharlotsvilga kelganimizda hech narsamiz yo’q edi, ustimizdagi kiyimdan boshqa”, - deydi u.

Qochqinlik azob, nochorlik, tinimsiz bosim va ilojsizlik, deydi muhojir.

“Qochqinlar ko’pligi dilimni ezadi. Omadim bor ekan, yo’limni topdim. Boshqalarga achinaman. Qaniydi hammaga yordam bera olsam”, - deydi u.

35 yoshli Yasha Ismoilov ikki biznes egasi - mashina sotadi va tuzatadi
35 yoshli Yasha Ismoilov ikki biznes egasi - mashina sotadi va tuzatadi

​Vashingtondan ikki yarim soat naridagi Sharlotsvil shahri azaldan qochqinlarga ochiq. 1990-yillardan beri bu yerda 3000 qochqin panoh topdi. Shahar hokimiyati ularga ko’maklashadi. Boshida xalqaro tashkilotlar vositachilik qiladi. Keyin esa o’zingizni eplay olishingiz kerak.

“Qochqinlar uchun ishlar bor. Sal oyoqqa turib olishgach, yangi bizneslar ochishayapti. Tirikchilik qilish uchun imkoniyatlar topishayapti. Shahrimiz madaniy jihatdan boyib bormoqda. Iqtisodimiz yomon emas. Qochqinlar tekinxo’r emas, ayrimlar aytganidek. Ular o’z nonini topadi”, - deydi muhojirlar bilan ishlovchi tashkilot vakili.

Yetti ishchiga ega Ismoilov har oy 150 tacha mashina tuzatadi. Mijozlar xursand. Yana bir biznesi bor: eski mashina sotadi. Daromad yaxshi.

“Biznes qilish - tinimsiz mehnat. Dam yo’q. Har ikki biznesimdan ko’nglim to’q. Harakatda barakat, deganlaridek. Kuniga 2-3 ta mashina sotayapmiz. Yomonmas”, - deydi u.

Yasha Ismoilov oilasi bilan
Yasha Ismoilov oilasi bilan

Ismoilov AQSh fuqarosi. Uy-joyli.

“Amerikadagi hayotimdan roziman. Ikki farzandim bor. Rafiqam bilan baxtliman. Bolalarim yaxshi maktablarga borishadi. Qo’shnilarim ajoyib. Ishim bor. Hech kim mushugimga pisht demaydi. Shu yerlikman endi”, - deydi u.

Ismoilov o’zini vatanparvar deb biladi.

“Qizim suzuvchi. Bir kun AQSh uchun Olimpiya o’yinlarida medal yutadi degan umiddaman”, - deya orzu qiladi muhojir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG