Breaking News

Muhojirlar "qahvaxona"da Amerikada yashash sirlarini o'rganmoqda


"Qochoqlar qahvaxonasi" nomli ko'chma markaz
"Qochoqlar qahvaxonasi" nomli ko'chma markaz

"Qochoqlar qahvaxonasi" deb nomlangan nodavlat tashkilot AQShdagi qochqinlar hayotini yaxshilashni asosiy vazifasi deb biladi. Jorjiya shtatida ish boshlagan guruh ish topish, malaka oshirish hamda yangi hayotga ko'nikish masalalari bo'yicha treninglar taklif etadi.

Bag'rikenglik va rang-baranglik asosida tashkil etilgan bu qahvaxona yangi amerikaliklar uchun ayni muddao. Bu yerda ular yangi hayotga ko'nikish yo'llarini o'rganadi.

Loyiha asoschisi Kitti Myurreyning aytishicha, maqsad odamlar uchun do'stona muhit yaratish.

"Odamlar bir-biri bilan gaplashgisi keladi. Xavfsiz maydon yaratib berilsa, mazali ovqat, shirin hid va shinamlik bo'lsa, ular bir-birlari bilan muloqotga kirishadi. To'g'ri, turli din va davlatdan bo'lgan odamlar bor, madaniy tafovutlar ko'p. Lekin bag'rikenglik qadriyatini asos qilib olsak, bu turfa-xillik bizni ajratmasligini, balki boyitishini bilamiz", - deydi u.

Loyiha dastlab ko'chma qahvaxona shaklida boshlandi. Shaharning qanchalar rang-barangligini ko'rish uchun bu katta imkoniyat bo'ldi, deydi Myurrey.

"Boshqa madaniyatlar haqida juda ko'p narsa o'rgandim. Buning o'zi bir go'zallik. Bu odamlarni bilmasak, ko'p narsa yo'qotamiz. Ularni bir qutiga solib, ustiga nomini yozib qo'yishdek gap bu", - deydi tashkilot rahbari.

Ahmad Alzokani 2015-yil Suriyadan AQShga kelgach, ikki oy o'tib "Qochoqlar qahvaxonasi"da ish boshladi.

"Malaka oshirish dasturidan o'tdim. Bu yerdagi tizimni o'rganish bo'yicha men ko'p tajriba orttirdim. Dasturni tugatgach, ular bilan ishlay boshladim va tajribamni boshqalarga ham ulashyapman", - deydi u.

Boshqalarga yordam berish orqali yangi amerikaliklarda o'ziga ishonch va jasorat uyg'onadi, deydi asli kongolik muhojir Lion Shombana.

"Bu o'lkada qochoq sifatida boshqa qochqinlarga til o'rganish va ish topishda yordam berayotganimdan juda baxtiyorman. Bu meni har doimgidan ham xursand qiladi", - deydi u.

Jorjiyaning Klarkston shahrida 148 elat va 60 dan ortiq tilda gaplashuvchi muhojirlar bor. "Qochoqlar qahvaxonasi" ular hayotining ajralmas qismiga aylangan. Uning atrofida yig'ilayotgan odamlar soni borgan sari oshib bormoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG