Qirg’iziston muvaqqat hukumati 26 iyundan boshlab favqulodda vaziyatni bekor qilishga qaror qilgan. Mamlakatda yakshanba kuni referendum – yangi bosh qomus loyihasi ovozga qo’yiladi.
Muvaqqat rahbar Roza Otunbayeva barcha shahar va qishloqlarda xavfsizlikni to’laligicha ta’minlashga va’da bermoqda.
O’sh va Jalolobodda vaziyat tinch, ammo Biroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti to’qnashuvlar xavfi mavjudligini e’tirof etadi. Omma orasida bu haqda mish-mishlar yuribdi.
BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Oskar Fernandez-Taranko Xavfsizlik Kengashida qilgan chiqishida qochqinlar xavfsizligini kafolatlashga chaqirgan.
“Hozir muhimi ogoh turish, provokatsiyalarga berilmaslik. To’polon nimadan boshlanganini aniqlash uchun puxta tergov o’tkazish ham dolzarb masala”, - deydi u.
Qirg’iziston Xavfsizlik xizmati olib borayotgan tergov xulosasiga ko’ra, voqea ortida sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev va uning qarindoshlari turgani tobora ayonlashib bormoqda.
Idora rahbari Keneshbek Dushebayev “etnik adovatni qo’zg’atish uchun Bakiyevning o’g’li Maksim jangari guruhlarga, jumladan Tolibon va O’zbekiston Islomiy Harakati a’zolariga 30 million dollar haq to’lagan”, deydi. Buni isbotlovchi biror dalil-hijjat taqdim etilmayapti.
“Qonli voqealarda mamlakat janubida narkotiklar savdosi bilan shug’ullanuvchi jinoiy guruhlarning ham qo’li bor”, - deydi Keneshbek Dushebayev.
Bu orada, janubda Bakiyev oila a’zolaridan biri, sobiq prezidentning jiyani Sanjar Bakiyev va yana to’rt shaxs qo’lga olingan. Sanjar Bakiyev janubdagi voqealarni tashkillashtirganlikda ayblanmoqda.
Qirg’iziston xalqaro tergov o’tkazish haqidagi talab-chaqiriqlarga javob berganicha yo’q. O’zi alohida jinoiy tekshiruv olib bormoqda. O’zbekiston prokuraturasi ham jinoiy ish ochgani haqida ma’lumotlar bor. Natija xolis va muvozanatli bo’lishiga sharhlovchilar orasida ishonch past.
Rossiya Fanlar Akademiyasi a’zosi Sergey Arutyunov tergovni bu ikki mamlakat emas, xalqaro tashkilotlar olib borishi lozim, deydi. Uningcha Qirg’iziston janubida ro’y bergan voqealarda genotsid-qirg’in alomatlari bor va ishni Xalqaro Jinoiy Sudga topshirish kerak.
Arutyunov Rossiya mojarodan o’zini chetga olib turganini to’g’ri deb hisoblaydi, “chunki tarafkashlikda ayblanishi, Qirg’iziston va O’zbekistondan gap eshitishi mumkin”.
Yakshanba kungi referendumga tayyorgarlik avjida. Muvaqqat Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev O’zbekistondan qochqinlar lagerlarida ovoz berish uchastkalarini tashkillashtirishda yordam so’ragan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti bu borada ko’maklashmoqda.
Siyosiy partiyalar va fuqarolarning e’tiroziga qaramay referendumni o’tkazishga qaror qilingan.
BMT Qochqinlar agentligi hozirgacha 70 ming odam chegarani kesib, Qirg’izistonga qaytgani haqida ma’lumot tarqatgan. Ular boshpana, oziq-ovqat, dori-darmon va himoyaga muhtoj. O’sh va Jalolobodda qirg’indan qochib boshqa hududlarga ko’chgan odamlar ham sekin-asta uyiga qaytayotgani ma’lum.
“Hamma oilasiga qaytishni, uy-joyidan xabar olishni, yaqinlari bilan ko’rishishni istaydi. Lekin ko’pchilik uyidan, mol-mulkidan ayrilgan, endi qanday yashaymiz deb qayg’uradi. Qochqinlarning hammasi ham O’zbekistondan ko’ngilli ravishda qaytmayotgani, ular bunga majburlanayotgani haqidagi xabarlar tashvishlanarli”, - deydi BMT so’zlovchisi Adrian Edvards.
Vatanga qaytayotgan qochqinlar asosan qo’ni-qo’shni, qarindoshlarining uyida turibdi.
“Oziq-ovqat, dori-darmon, gigiyena vositalari, go’daklar uchun yegulik va boshqa mahsulotlarga ehtiyoj kuchli. Vaziyat taranglicha qolmoqda, yordamni darhol oshirish zarur”, - deydi BMT vakili Elizabet Birs.
Qo’shma Shtatlar Qirg’iziston va O’zbekistonning qochqinlar joylashtirilgan chegara viloyatlaridagi vaziyatdan chuqur tashvishda va uni diqqat bilan kuzatib boryapti. Tinchlik va tartib o’rnatish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni, BMT va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti gumanitar yordamni muvofiqlashtirib turganini quvvatlaymiz, deydi rasmiylar.
Janubiy viloyatlarda aholining gumanitar ehtiyojlarini qondirish, uy-joyidan ayrilgan oilalarga yordam berish va ixtilofni kamaytirish dasturlariga AQSh 32 million dollar ajratmoqda.