Diniy erkinlik - Amerika uchun fundamental qadriyatlardan biri. Konstitutsiyaga kiritilgan birinchi o'zgartirishga ko'ra, Kongress biror dinni o'rnatish yoki erkin e'tiqod qilishga qarshi qonun chiqarishi mumkin emas.
AQSh hukumati bu qadriyatni dunyo bo'ylab targ'ib qiladi.
Davlat departamenti qoshidagi diniy erkinliklar bo'yicha idora yaqinda vyetnamlik ruhoniy Nuyen Kong Chinni qamoqdan ozod qilishda ko'maklashdi.
"Vyetnamda din nazorat ostida. Men buni qabul qilolmayman. Davlat diniy ishlarga ta'sir o'tkazmasligi kerak. Shu bois meni 27 yil ta'qib qilishdi", - deydi Chin.
An'anaga ko'ra, AQSh prezidentlari har yili fevralda Oq uyda ibodat nonushtasi o'tkazadi. So'nggisida xitoylik huquq faoli va advokat Li Bayguang ham qatnashgan edi. Vataniga qaytganidan ikki hafta o'tib, u kasalxonada vafot etgan.
"Ibodat nonushtasidan keyin bir hafta Amerikani aylandi. U bilan bitta mehmonxonada turdik, sog'lig'idan shikoyat qilgani yo'q", - deydi Bob Fu, Texasda joylashgan nohukumat tashkilot rahbari.
AQSh Davlat departamenti Li Bayguangning bevaqt o'limidan afsus bildirdi. Xitoy hukumati munosabat bildirganicha yo'q.
"Hukumatlarga gapimiz - e'tiqod erkinligini ta'minlash o'zingiz uchun yaxshi. Tadqiqotlar ko'rsatib turibdiki, bu terrorizmni ham kamaytiradi", - deydi AQShning xalqaro diniy erkinlik bo'yicha elchisi Sem Braunbek.
Uning aytishicha, Qo'shma Shtatlar huquqbuzarliklarga jim qarab turmaydi. Masalan, Myanmadagi rohinja musulmonlarini oling.
"Diniga qarab tozalash ro'y berayapti u yerda. Jabrdiydalar musulmonlar. Agar ular buddist bo'lganida, ehtimol vaziyat bu darajaga bormasdi", - deydi Braunbek.
Vashington diplomatiya orqali Xitoy va boshqa davlatlardagi ahvolni o'zgarira oladimi? Ta'qiblarga chek qo'ya oladimi?
"Amerika o'z fuqarolarining diniy huquq va erkinliklarini himoya qilib, namuna bo'lishi kerak. Diniy jamoalarning hukumatga ta'sirini ham cheklash lozim", - deydi ravvin Jek Molin.
"AQSh aslida diniy erkinlik g'oyasini o'zida aks ettirgan ilk davlat. Bu g'oya muvaffaqiyatini ta'minlashimiz kerak. Aks holda, ravvin aytganidek, boshqa davlatlar "bizga aql o'rgatmang" deyishadi", - deydi sobiq elchi Akbar Ahmed.
Facebook Forum