Breaking News
Din

Dunyoda diniy erkinlik qay darajada?


Davlat kotibi Mayk Pompeo va diniy erkinliklar bo'yicha maxsus elchi Sem Braunbek yillik hisobotni e'lon qilmoqda
Davlat kotibi Mayk Pompeo va diniy erkinliklar bo'yicha maxsus elchi Sem Braunbek yillik hisobotni e'lon qilmoqda

AQSh hukumatining diniy erkinlik bo’yicha yillik xalqaro hisobotida aytilishicha, ayrim mamlakatlarda ozchilikdagi elatlar o’z e’tiqodi uchun ta’qib etilmoqda. Davlat departamenti Rossiya, Eron, Shimoliy Koreya va Myanmada diniy erkinlik ayanchli ahvolda ekanini e’tirof etadi.

Xalqaro hayot - 30-may, 2018-yil - Dunyoda diniy erkinlik qay darajada?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:28 0:00

Iyul oyida Vashington shahrida ittifoqchi davlatlar vazirlari to’planib, diniy erkinlikni targ’ib qilish xususida fikr almashadi.

Har yili chop etiladigan hisobotda 200 mamlakatdagi ahvol tahlil qilingan. Masalan, Janubi-sharqiy Osiyoda mahalliy roxinjalik musulmonlarni taq’ib etayotgan Birma hukumati tanqid ostiga olinadi. Rasman Myanma deb nomlanuvchi va, asosan, buddistlar yashovchi bu mamlakatda musulmonlar kamsitilmoqda, zo’ravonliklarga uchramoqda. Yuz minglab odam qo’shni Bangladeshga qochgan.

“Vaziyat tobora yomonlashmoqda. Xalq uyushib, harbiylarga qarshi qattiq turishi kerak”, - deydi AQShning diniy erkinliklar bo’yicha maxsus elchisi Sem Braunbek.

Davlat kotibi Mayk Pompeoning aytishicha, diniy erkinlikni targ’ib va himoya qilish AQSh uchun ustuvor vazifa. Pompeo iyul oyida bo’ladigan tadbir haqida ma’lum qildi.

“Tashqi ishlar vazirlari bilan diniy erkinlik yo’lidagi muammolarni muhokama qilibgina qolmay, dindorlarni ta’qib etayotganlarga qarshi choralar ham ko’ramiz”, - dedi u.

AQSh va Shimoliy Koreya rahbarlari yadroviy qurolsizlanish bo’yicha ilk bor uchrashishga hozirlanar ekan, Qo’shma Shtatlar bu mamlakatda diniy sabablarga ko’ra qamalgan minglab odamlar taqdirini ham ko’tarmoqda.

“Shimoliy Koreyada Gulag kabi mehnat lagerlari borligini, vaziyat ayanchli ekanini bilamiz”, - deydi maxsus elchi Braunbek.

Davlat departamenti Rossiya va Eronning diniy ozchilikdagi guruhlarga qarshi siyosatini ham tanqid qildi.

Qo’shma Shtatlar yaqinda Vyetnam bilan inson huquqlari mavzusida ikki tomonlama muloqot o’tkazdi. Diniy erkinlikka doir hisobotda aytilishicha, Vyetnam va boshqa mamlakatlarda bu yo’nalishda olg’a siljish kuzatilmagan.

“Yaqinda Vyetnamda din va e’tiqod haqida qonun qabul qilindi, shunga qaramay, dindorlar va cherkovlar hamda boshqa diniy muassasalarning faoliyatiga cheklovlar hali ham borligidan xavotirdamiz. Biz yangi qonun ijrosini yaqindan kuzatamiz”, - deydi davlat kotibi yordamchisining muovini Skot Basbi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, dunyo bo’ylab terrorizmga qarshi kurash va iqtisodiy o’sishni ta’minlashda diniy erkinlikni targ’ib qilish muhimdir.

Hisobotda O'zbekistonda diniy erkinlikka doir vaziyat ham yoritilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG