AQShda Respublikachilar partiyasining saylovoldi qurultoyi bo’lib o’tmoqda.
Delegatlarning bir qismi Shimoliy Karolinaning Sharlot shahrida uchrashdi, so’ng tadbir virtual shaklda davom etdi. Partiyaning qora tanli a’zolari bundan bir hafta oldin o’tgan Demokratik partiya qurultoyida Prezident Donald Trampga qarshi aytilgan tanqidlarga javob berdi.
Sobiq futbolchi Xershel Uoker demokratlarning Trampni irqchi deb atashiga e’tiroz bildirdi.
“Demak, men 37 yildan beri irqchi bilan do’st ekanmanda. Men janubda katta bo’lganman, irqchilik nimaligini yaxshi bilaman. Donald Tramp irqchi emas”, - dedi sobiq sportchi.
Vernon Jouns Jorjiya shtatidan demokrat qonunchi bo’lishiga qaramay, Trampga ovoz berishini bildirdi. Jouns demokratlardan prezidenltikka nomzod Jo Baydenni nishonga oldi.
“Jo Baydendan 47 yil davomida natija kutdik. Ammo quruq gapdan nariga o’tgani yoq. Ko’plab boshqa demokratlar ham o’nlab yillar davomida qora tanli saylovchilarga bir dunyo quruq va’dalar bergan”, - dedi Jouns.
AQSh Senatida Respublikachilar partiyasidan yagona qora tanli qonunchi Tim Skott Trampning iqtisodiy yutuqlarini sarhisob qildi.
“COVID-19 davrida 7 millionta ish o’rni yaratildi. Shuning uchdan ikki qismi ayollar, afro-amerikaliklar va latinolar uchun”, - dedi u.
27-avgustgacha davom etadigan qurultoyning har bir kunida Tramp ma’ruza qilishi rejalangan.
Prezident saylovlari 3-noyabrga belgilangan.
Facebook Forum