Breaking News

Baydenning so’nggi farmoni chegaradagi vaziyatga ta’sir qiladimi?


Xalqaro hayot - 6-iyun, 2024-yil - Putinning ogohlantirishi. Isroilning G'azoda yana bir qonli hujumi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:11:19 0:00

AQSh qonunchilari Prezident Jo Baydenning chegaradan noqonuniy o’tib, siyosiy boshpana so’rayotgan migrantlarga nisbatan joriy etilgan yangi cheklovlarini turlicha izohlamoqda. “Amerika Ovozi”ning Kongressdagi muxbiri Ketrin Jipsonning xabar berishicha, chegara xavfsizligi saylov kampaniyasining markaziy va murakkab mavzularidan biri bo’lib qolmoqda.

Migrantlar Meksikadan AQShning Kaliforniya shtatiga kirishda davom etarkan, ularning siyosiy boshpanaga hujjat topshirishi yanada qiyinlashdi.

4-iyun kuni Prezident Jo Bayden farmon imzolab, chegarada ushlangan hujjatsiz muhojirlarning arizasi ko’rib chiqilmasligini buyurdi. Biroq ushbu qoida chegarada kuniga o’rtacha 2500 odam ushlansa kuchga kiradi.

“Bu chegaradan tartibsiz o’tish harakatlarini cheklashga, odamlarni qonuniy yo’llar bilan mamlakatga kirishini rag’batlantirishga qaratilgan harakat”, - deydi Migratsiya siyosati institutidan Kollin Patsel-Kavano.

Kapitoliydagi respublikachi qonunchilar nazarida, Baydenning bu farmoni chegaradagi muammoni hal qilmaydi.

“126 kun avval Jo Bayden “qo’limdan kelganini qildim” deb aytgan edi. O’shanda undan chegarada o’zi yaratgan ofatni hal qilish uchun nega ijroiya vakolatidan foydalanmayotganini so’rashgan. 126 kun avval kamera nigohiga qarab, u “bunga imkoniyat qolmadi” deb aytgan edi”, - deydi AQSh Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson.

Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Donald Tramp va boshqa respublikachilar Baydendan chegaradan noqonuniy o’tishlarga chek qo’yishni talab qilmoqda.

“Hozirgi ma'muriyatning eng katta xatosi shuki, mazkur inqiroz prezident qasamyod keltirgan kunga borib taqaladi. O’shandan beri qabul qilingan siyosat chegarada inqirozni keltirib chiqardi. Uni hech qanday farmonlar bilan tuzatib bo’lmaydi”, - deydi Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonel.

Demokratlar respublikachi qonunchilar yil boshida chegara bo’yicha o’zaro kelishuvga ovoz bermaganidan so’ng prezident farmon imzolashga majbur bo’lganini aytadi.

“Eng boshida respublikachilar qonun loyihasini zo’r deb maqtashdi. Ammo Donald Tramp hujjat qabul qilinishini istamasligini, chegarada tartibsizlik bo’lishini xohlashiga ochiq ishora qilganidan so’ng to’nlarini teskari kiyib olishdi”, - deydi Senatda ko’pchilik sardori Chak Shumer.

Meksika bilan chegarada joylashgan Arizona shtati aholisi qonunchilar immigratsiya masalasida kelisha olmayotganidan xunob ekanini yashirmaydi.

Arizonadan AQSh Senatiga saylangan demokrat Mark Kelli Baydenning farmoni ayrim muammolarni hal etishiga umid bildirmoqda.

“Hozirgi vaziyat migrantlar uchun, chegara patruli uchun, shu hududlarda yashovchi aholi uchun xavflidir. Mana shunday vaziyatda prezidentning farmoni ushbu vaziyatni qisman hal qilishda juda yaxshi qadamdir”, - deydi u.

Amerika fuqarolik erkinliklari ittifoqi esa Bayden ma’muriyatining siyosiy boshpana olish jarayoniga qo’ygan cheklovlarini noqonuniy deb, sudga shikoyat qilishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG