AQShda Donald Trampning prezident saylovi natijasini o’zgartirish harakatiga qo’shilayotgan respublikachi qonunchilar soni oshib bormoqda. Kongress 6-yanvar kuni to’planib, saylov natijasini tasdiqlashi kutilmoqda, biroq 12 nafar respublikachi senatordan iborat guruh saylovda g’olib deb topilgan Jo Baydenga berilgan ovozlarni savol ostiga qo’ymoqchi.
Bu haqda Texasning AQSh Senatidagi vakili Ted Kruz ma’lum qildi.
Trampning Vakillar palatasidagi o’nlab partiyadoshlari ham senatorlar bilan bu masalada hamfikr ekanini bildirdi.
Senatga yangi saylangan missurilik Josh Xouli Tramp tarafdorlari tomonidan ovozlarni soxtalashtirish holatlariga yo’l qo’yilgani aytilayotgan shtatlarda Saylovchilar kollegiyasi bergan ovozlarga Kongressning chorshanba kuni bo’ladigan qo’shma majlisida e’tiroz bildirmoqchi.
Kruz ham, Xouli ham 2024-yilda nomzodini prezidentlikka qo’yishi mumkin bo’lgan siyosatchilardan.
Respublikachilar partiyasining Senatdagi sardori Mitch Makkonell partiyadosh qonunchilardan saylov natijasiga g’ov bo’lmaslikni so’ragan.
AQShda prezidentni saylovchilar emas, Saylovchilar kollegiyasi saylaydi. Muayyan shtatda eng ko’p ovoz to’plagan nomzod mana shu shtatdagi saylovchilar kollegiyasi ovozlarini oladi va kollegiyaga tayinlangan insonlar odatda dekabr boshida o’z shtatida o’sha nomzodga ovoz beradi. Saylovchilar kollegiyasining kamida 270 ta ovozini olgan nomzod saylovda g’olib bo’ladi va Kongress inauguratsiyadan oldin kollegiya ovozlarini tasdiqlashi kerak.
Bayden Saylovchilar kollegiyasining 306, Tramp esa 232 ovozini olgan.
Senatdagi respublikachilarning bir qismi partiyadoshlarining saylov natijasini o’zgartirishga qaratilgan harakatlarini tanqid qilmoqda.
Alyaska shtatidan saylangan Liza Murkovski qonunchilarni saylov natijasini tasdiqlab, Saylovchilar kollegiyasi va saylov tizimiga bo’lgan ishonchni saqlab qolishga chaqirdi.
Nebraskaning Senatdagi vakili Ben Sasse hamkasblarini xavfli o’yindan voz kechishga da’vat etib, aks holda fuqarolik normalariga putur yetishini aytdi.
Pensilvaniyadan Senatga saylangan Pet Tumiga ko’ra, xalqning o’z rahbarlarini saylash huquqi demokratik respublikaning asosiy va belgilovchi xususiyati hisoblanadi va ayrim senatorlar xalqning bu huquqini yemirmoqda.
Saylov natijalariga e’tiroz bildirishni rejalayotgan guruh Baydenni prezidentlikdan mahrum eta olmasligini tan olmoqda. Bungacha ham AQSh tarixida shunday holat bir necha bor kuzatilgan.
Ushbu guruh saylov natijalarini qayta tekshirish uchun komissiya tuzilmasa, Saylovchilar kollegiyasining ayrim shtatlarda bergan ovozlariga qarshi ovoz berishini bildirmoqda.
Tramp so’nggi salkam 30 yilda ikkinchi muddatga saylana olmagan ilk prezident bo’lib, u qator shtatlarda ovozlar soxtalashtirilganini da’vo qilmoqda. Tramp yuristlari va tarafdorlarining turli sudlarga yo’llagan kamida 50 ta da’vosining aksariyati qondirilmadi. Oliy Sudning 9 a’zosidan 3 nafarini Tramp tayinlagan bo’lsa-da, bu organda ham ikkita da’vo Tramp foydasiga hal bo’lmadi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, senatorlarning chorshanba kuni kutilayotgan tashabbusi saylov natijasiga ta’sir qilmaydi, shunchaki ramziy ma’noga ega.
Senator Jon Tanning aytishicha, Respublikachilar partiyasining Kongressdagi rahbariyati bu tashabbusga aralashmagan, biroq partiyadoshlari yo’lini to’sgani ham yo’q.
Facebook Forum