Breaking News

AQSh aeroportlaridagi "ortiqcha tekshiruvlar" norozilik uyg'otmoqda


Nyu-York xalqaro aeroportida
Nyu-York xalqaro aeroportida

Sobiq politsiya boshlig'i o'z vatani aeroportida ushlanib, so'roq qilinganidan so'ng Amerika kelajagiga ishonchini yo'qotganini aytmoqda. Immigratsiya zobitlari uni Nyu-Yorkda bir yarim soatdan keyin qo'yib yuborgan.

Hassan Aden 10 yoshidan beri AQShda yashaydi; italyan va somalilik muhojirlar farzandi. Fuqarolikka ham 10 yoshida kirgan.

13-mart kuni Parijdan qaytar ekan, Nyu-York xalqaro aeroportida undan shubhalanib, tekshirishgan. Immigratsiya xodimlari uning ism-sharifi qora ro'yxatda ekanini aytgan.

Aden deydiki, undan oldin 25 xorijlik yo'lovchi ko'rikdan o'tgan, lekin ularning har birining ishi uzog'i bilan besh minutda hal bo'lgan. Biroq unga navbat kelganda juda uzoq vaqt olgan. Tekshiruvchilar unga "bu hibs emas" deb aytgan.

"Vaholanki meni bir xonada ushlab turishdi. Hech kimga telefon qila olmadim. O'tirishni buyurishdi va pasportimni olib ketishdi. Shunga qaramasdan bu hibs emasmish", - deydi Aden.

Uzoq yillar huquq-tartibot tizimida ishlagan Aden kim nima sabab tekshirilishini biladi va tushunadi. Amerika, uning fikricha, vahima ichida yashamoqda. Odamlardan asossiz qo'rqish va shubhalanish hozirda immigratsiya, boj va chegara xizmati uchun oddiy hol, deya afsuslanadi Aden.

Tegishli idoralar bu shaxsning nima uchun ushlab turilgani yuzasidan aniq ma'lumot bermagan.

AQSh aeroportlarida ortiqcha tekshiruvlardan shikoyat qilayotganlar talay. Prezident Donald Tramp hozirda olti davlat - Eron, Suriya, Yaman, Somali, Liviya va Sudandan hech kimni kiritmaslikni buyurgan. Bu farmon amalda emas, chunki federal sudlar uni qonunga zid deya topgan.

Biroq farmon emas, u sabab dunyo bo'ylab kuchaygan xavotir va Amerikaga nisbatan salbiy qarashlar turli tushunmovchiliklarga sabab bo'lmoqda.

Aeroportlarda nafaqat man etilgan davlatlarning fuqarolari balki boshqalar ham ortiqcha tekshiruvlar bilan yuzlashayotgani norozilik uyg'otgan.

Yaqinda mashhur bokschi, marhum Muhammad Alining o'g'li Muhammad Ali ham ikki aeroportda ushlab turilgan. Uzoq tekshiruv ketidan qo'yib yuborilgan.

Bu amerikalikdan Florida shtatidagi xalqaro aeroportda "Bu isming qayerdan? Musulmonmisan"? - deb so'rashgan.

Kongressda qonunchilar oldida bu borada so'zlagan Muhammad Ali sal o'tib yana bir aeroportda shunday so'roq qilingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG