Breaking News

AQSh atom arsenalini har tomonlama mustahkamlaydi


Prezident Donald Tramp fikricha Qo'shma Shtatlar o'z yadroviy qurollarini har tomonlama mustahkamlashi zarur. Dunyodagi eng qudratli davlat eng qudratli qurollarga ega bo'lishi shart, deydi u.

Xalqaro axborot agentliklari bilan muloqotda Tramp deydiki, boshqa davlatlar solayotgan atom tahdidini bartaraf etish mumkin. Shimoliy Koreyani, masalan, Xitoy eplaydi, deydi u, Pekin buni xohlasa bas. Tramp Xitoyni bu borada bosim ostiga olmoqchi.

Tramp Yevropa Ittifoqiga ham ishonch bildirib, u bilan yaqindan ishlashga tayyor. Britaniya bu blokdan chiqayotgani uning uchun salbiy hol emas. Xalq shunga ovoz berdi, deydi u. Oldingi chiqishlarida Tramp Yevropa Ittifoqini Germaniya uchun siyosiy vosita deb atagan.

NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi, AQSh prezidenti nazarida Vashingtonga tayanib, boshqa a'zolaridan yetarlicha moliyaviy hissa olmaydi.

"Ular bizdan qarzdor",- deydi Tramp alyansdagi sheriklarga ishora qilib.

Prezident deydiki, u ham bir kun kelib, jahon ahli yadroviy qurollarsiz yashashini xohlaydi. Biroq, uningcha, bugungi dunyoda qurollar mustahkam bo'lmasa, qudratni boy berasiz.

"Biz bu borada hech qachon orqada qolmaymiz va qolmasligimiz kerak",- deydi Tramp.

Rossiya 7000, AQSh esa 6800 yirik atom quroliga ega.

Ularni nazorat qilishni targ'ib qilib kelayotgan tashkilot rahbari Daril Kimbol nazarida, yirik davlatlarga shuncha qurol kerak emas. Davlatlarning o'zi ham buni yaxshi biladi, deydi ekspert.

Oradagi kelishuvga binoan Amerika va Rossiya kelasi 10 yilda arsenal ko'lamini teng ravishda kamaytirishi kerak. Tramp bir necha yil oldin imzolangan bu bitimni yangilash tashabbusi bilan chiqishi mumkin.

AQSh Kongressi ballistik raketalar, suvosti va yerusti qurollarini zamonaviylashtirish uchun 1 trillion dollar ajratgan. Modernizatsiya jarayoni allaqachon boshlangan.

Tramp Rossiyaning ayrim yadroviy qadamlariga qarshi. Kreml bilan ochiqchasiga gaplashmoqchi. Hozircha u va Rossiya rahbari Vladimir Putin qachon uchrashishi aniq emas.

Yaponiya uchun Shimoliy Koreyaning qurollari ulkan tahdid. Tokio va Vashington bir fikrda. Xitoy Pxenyan tobora qattiq qurollanayotganini rasman tandiq qilsa-da, yashirin tarzda uni quvvatlayotganlikda ayblanadi. Tramp shu bois ham ko'p narsa Xitoy qo'lida, deydi.

Yaponiya va AQSh rahbarlari ikki bor uchrashib, maslahatlashdi. Yangi himoya tizimi o'rnatish haqida muzokara boshlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG