Breaking News

Gollivud yulduzi Robin Vilyams o’zini osganidan muxlislar dahshatda


11-avgust kuni dunyoga dong’i ketgan kulgi ustalaridan biri Robin Vilyams olamdan o’tdi.

63 yoshli san’atkor San-Fransiskodagi uyida o’zini osib o’ldirgan. Insoniyatga kulgi va tabassum ulashgan inson shaxsiy hayotida shu qadar baxtsiz, uzoq davrdan beri ruhiy azobda yashayotganini kim ham bilibdi deysiz. Amerika tabiiyki motamda. Gollivudda Robin Vilyamsning muxlislari yig’ilib, undan qolgan madaniy-ijtimoiy merosga hamdu-sanolar aytmoqda. Robin Vilyams nafaqat bu yurt balki butun insoniyat dardini hajviya orqali yoritib kelgan noyob iste’dodlardan biri edi.

Kulgi ustasi, Gollivud yuldizi Robin Vilyamsni xotirlab...
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:01:52 0:00
Yuklab oling

Los-Anjelesning yuragi, AQSh kino sanoati markazi Gollivuddamiz. Maxsus bulvarda kino va shou biznes yulduzlarining ismi muhrlangan. Robin Vilyamsniki ham bor.

Uning to’satdan olamdan o’tganidan odamlar dahshatda. Ishonish qiyin.

“Hazilmi bu, dedim. Hazildan boshqa narsa bo’lishi mumkin emas”,- deydi Mayk Ravizza, muxlis.

O’lim haq. Robin Vilyams haqiqatdan ham vafot etgan. Buyuk talantdan ayrildik, deydi mana bu muxlis.

“Har jihatdan ajoyib aktyor edi. Komediya ustasi. Uning o’lgani haqidagi xabardan hali ham shokdaman. Butun dunyo shokda, menimcha”,- deydi Melinda Martinez ismli amerikalik.

Robin Vilyams, 30 yildirki, komediya qiroli edi.

Gollivudga uni abadiyatga kuzatish uchun dunyoning turli chekkalaridan kelishdi.

“Bolaligim uni tomosha qilish bilan o’tgan. Eng sevgan film va shoularimda Robin Vilyams o’ynagan. “Jumanji”, masalan, bolaligimning ajralmas qismi. Robin Vilyams erta ketdi”,- deydi Daniel Hammond, tomoshabin.

Yana bir muxlis nazarida esa qiziqchi kamtarin va samimiyligi bilan xalq ishonchini qozongan edi.

“Hammani birdek kuldirar edi u. Uni tinglab, odam o’z dardini, muammolarini unutar edi. Bu katta kuch”,- deydi ixlosmand Charlin Xudashel.

Yana bir muxlis fikricha Robin Vilyamsda soxtalik yo’q edi.

“U rol o’ynamas edi, balki uning o’zi tabiatan shunday ijrochi edi. Hazil va hajviyalari hayotdan olingan”,- deydi Jon Linvill.

Robin Vilyams kulgi va kino ustasi edi. Oskar mukofoti sohibi.

Kulgi ustasini xotirlab - Remembering Robin Williams
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:32 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG