Xalqaro insonparvarlik tashkilotlari 1,2 milion rohinjalik qochqinlar uchun 434 million dollar ko'mak so'ramoqda. So'nggi ikki oyda Myanmani tark etganlar soni 600 mingdan oshgan. Tezlikda kengayib borayotgan inqiroz bu.
Jenevada o'tgan bir kunlik konferensiyadan maqsad - mablag' jamg'arish.
"Ehtiyojlar kun sayin o'zgarib bormoqda. Bangladeshga kirib kelayotganlar orasida nimjon bolalar ko'p. Hozir asosiy muammo bu - moliya. Xalqaro hamjamiyat mablag' ajratmasa bo'lmaydi", - deydi Mark Lokok, BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo'yicha muovini.
BMT agentliklari myanmalik qochqinlarni oziq-ovqat, boshpana, suv, sanitariya anjomlari va tibbiy xizmatlar bilan ta'minlab kelmoqda. Yordam ko'lamini kengaytirish zarur, lekin mablag' yo'q. Amaldagi dasturlar to'xtab qolishi ham mumkin.
Masalan, Jahon oziq-ovqat dasturi har kuni 580 ming odamning qornini to'yg'azadi, ammo va'da qilingan resurslarning atigi 30 foiziga ega. Rohinjalik qochqinlarning qariyb 60 foizi bolalar. BMTning Bolalar jamg'armasi so'rayotgan yordamning bor-yo'g'i yetti foizi kelib tushgan.
Myanmadan qochayotganlar asosan Rakxayn shtatidan, musulmonlar. Inson huquqlari tashkilotlariga ko'ra, fuqaroligi yo'q bu jamoaga qarshi armiya misli ko'rilmagan jinoyatlar sodir etmoqda. Etnik qirg'in, deydi BMT tergovchilari. Hukumat bu da'volarni rad etadi.
AQSh rohinja musulmonlariga 2016-yilning oktabridan buyon qariyb 100 million dollarga teng yordam ko'rsatgan.
Facebook Forum