Breaking News

Rossiya bilan yaqinlashuv Ukraina suverenitetiga tahdidmi?


Ukrainaning yangi prezidenti, fevralda saylangan Viktor Yanukovich o’tgan yillar ichida Rossiya bilan darz ketgan aloqalarni tiklashga zo’r bermoqda.

Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev o’tgan hafta Kiyevda mehmon bo’lib, Ukraina hukumati a’zolari, biznes doiralari va yirik kompaniyalar vakillari bilan muloqotda bo’ldi.

Ikki kunlik tashrifdan maqsad Ukrainaning yangi, do’stona rahbariyati bilan aloqani mustahkamlash, xususan energetika sohasida hamkorlikni oshirish edi.

Kiyevda transport samolyotlari va kemasozlik sohasida bitimlar imzolandi. Boj, soliq, bank va sug’urta qonunlarini uyg’unlashtirib, ikki davlat yagona iqtisodiy siyosat bilan chiqishi kerak, degan takliflar yangradi.

Bundan tashqari, deydi Dmitriy Medvedev, Ukraina istasa, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga qo’shilishi va Rossiya bilan gaz kompaniyalarini birlashtirishi mumkin.

Xullas, Kremldan takliflar bir dunyo. Ukraina rahbari qay biriga xo’p deyishi hozircha noma’lum. Shunisi aniqki, Sevastopol Rossiyaning Qora dengiz flotiga yana yarim asrga berib qo’yilishiga qarshilik kuchli. Evaziga Rossiya Ukrainaga 30 foiz arzonga gaz sotishini ma’lum qilgan.

Prezident Viktor Yanukovich so’zlariga ko’ra, Rossiya bilan birgalikdagi tashabbuslar, jumladan yangi ijara kelishuvi Qora Dengizda va Moldovaning Dnestrbo’yi mintaqasida tinchlik va xavfsizlikni kafolatlaydi.

Biroq tanqidchilar mazkur bitim shartlarini Ukraina suvereniteti va manfaatlariga zid deya ta’riflamoqda. Sevastopolgadi harbiy-dengiz bazasi ijara muddatini 2042 yilgacha uzaytirish loyihasi o’tgan oy Ukraina parlamentida debat-muhokamasiz qabul qilingan edi.

Kiyev Davlat Universitetida talabalar bilan uchrashgan Dmitriy Medvedev bu boradagi xavotirlarga shunday javob beradi:

“Ochiqchasiga so’rayvering: Rossiya Qora Dengiz flotini qo’shni davlatlarga qarshi qo’llashi mumkinmi deb? Yo’q”, deydi Medvedev, “chunki Rossiya tinchliksevar davlat”.

Ukraina sobiq Bosh vazirasi Yuliya Timoshenko bu qarashdan yiroq. Britaniya matbuotiga bergan intervyusida Timoshenko “ijara bitimi Qrim barqarorligiga jiddiy tahdid, Rossiya bilan ketma-ket imzolanayotgan kelishuvlar esa Ukrainani parchalab yuboradi” degan.

Tahlilchi Nikolay Petrov deydiki, prezident Viktor Yanukovich oldida Ukraina iqtisodiyotini tuzatishgek og’ir masala turgan bir mahalda uning Rossiyaga murojaat qilishdan boshqa iloji yo’q. Ukrainalik tadbirkorlar ham Rossiyadek yirik bozorga chiqishni istaydi.

“Keyinchalik, albatta, raqobat, Rossiya kompaniyalarining Ukraina bozoriga kirishi va hamkorlik shartlari, buning qonuniy jihatlari kabi masalalar yuzaga chiqib, ularni hal qilish kerak bo’ladi”, - deydi Nikolay Petrov.

Yaqinda Kiyevdagi “Razumkov” tadqiqot markazi ommaviy so’rov o’tkazdi. Uning natijalariga ko’ra, aksar ukrainaliklar Yevropa Ittifoqi bilan integratsiya muhimroq deb hisoblaydi. Markaz rahbari Mixaylo Pashkov nazarida ittifoqqa a’zolik Ukraina uchun strategik maqsad bo’lib qolmoqda.

Pashkov mamlakat rahbariyatiga ko’p qirrali tashqi siyosat olib borishni, Braziliya, Hindiston, Xitoy, Osiyo va Tinch okeani davlatlari va Qo’shma Shtatlar bilan aloqani mustahkamlashni tavsiya etadi.

Viktor Yanukovich, ma’lumki, Rossiyaga moyil siyosatchi sifatida tanilgan. Ammo Dmitriy Medvedevning tashrifi cho’gida “Ukraina neytral davlat bo’lib qoladi, hech bir siyosiy blokka qo’shilmaydi” deya ta’kidlagan. Bu degani, Ukrainaning yaqin kelajakda NATO yoki Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi tashkilotiga qo’shilish niyati yo’q.

Rasmiy Kiyevda ikki davlat gaz kompaniyalarini birlashtirish taklifiga ham uncha qiziqish sezilmaydi, lekin “Gazprom” rahbari Aleksey Millerning aytishicha, bu borada muzokara ketmoqda.

Kiyevda xavotir shuki, ham Rossiya, ham Yevropa Ittifoqi gaz tranziti bo’yicha muqobil loyihalarni ko’zlar ekan, Ukraina serdaromad bitimlardan chetda qolishi mumkin.

Ma’lumki, sobiq prezident Viktor Yushenko davrida gaz bilan bog’liq mojarolar bir necha bor ta’minot uzilishiga sabab bo’lgan. Prezident Medvedevning javobi shuki, “Rossiya yangi quvurlar qurish qarorida qat’iy, biroq Ukraina bilan energetik hamkorlikning boshqa yo’nalishlarini muhokama qilishga tayyor”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG