Parijda asoslangan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti dunyoda jurnalistlar ahvoliga doir yillik hisobotini chop etdi. Unga ko’ra, 2017-yilda hukumatlar, siyosatchilar tomonidan muxbirlarga nisbatan adovat kuchaygan. Tashkilotning bildirishicha, hatto demokratik yo’l bilan saylangan ba’zi rahbarlar matbuotni demokratiya asoslaridan biri sifatida emas, aksincha raqib deb ko’rib, unga raqibday muomala qilmoqda.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti har bir mamlakatda matbuot erkinligini tahlil qilib, davlatlar maxsus jadvalga joylashtirgan. Bu borada boshqa mamlakatlarga odatda o’rnak deb ko’rsatiluvchi Qo’shma Shtatlar bu yili ikki pog’onaga pastlab, ayni damda jadvalning 45-o’rnini ehallab turibdi.
“Jurnalistlarga qarshi adovatning kuchaygani demokratiyaga qarshi eng yomon tahdidlardan biri”, - deydi tashkilot bosh kotibi Kristof Deluar.
Agar jadvalning yuqori qismiga qaraydigan bo’lsak, Norvegiya, Shvetsiya, Finlandiya kabi Skandinav davlatlarini birinchi to’rttalikda ko’rsak bo’ladi. Uchinchi o’rinni Niderlandiya egallamoqda. Eng oxirgi, 180-o’rinda esa Shimoliy Koreya.
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotiga ko’ra, sobiq Sovet mamlakatlari va Turkiyada matbuot qattiq tazyiqqa olinmoqda. Guruh Turkiyani hatto jurnalistlar uchun eng katta qamoqxona deb ham ataydi. Bu mamlakat jadvalda 157-o’rinni egallamoqda. Rossiya 148-o’rinda. Mamlakatdagi oz sonli mustaqil jurnalistlarni ta’qib etayotgan Turkmaniston bir necha yildan beri 147-o’rindan yuqoriga ko’tarila olmayapti. Qozog’iston 158-, Ozarbayjon 163-o’rinlarda.
O’zbekiston 165-o’ringa qo’yilgani bilan 2016-yilga qaraganda to’rt pog’ona ko’tarilgani aytiladi. Bunga uzoq yillardan beri qamoqda o’tirgan mustaqil jurnalistlarning ozod etilgani sabab qilib ko’rsatilmoqda. Ammo guruhga ko’ra, matbuot erkinligi sohasida qilinadigan ishlar hali ko’p, 2017-yilda ikki muxbir hibsga olingan, matbuot hamon davlat nazorati ostida.
Bir necha yil oldin Markaziy Osiyoda “demokratiya mash’ali” nomini olgan Qirg’iziston qo’shni mamlakatlarga qaraganda jadvalda yuqoriroq joylashgan bo’lsa-da, 2016-yilgi ko’rsatkichlariga qaraganda to’qqiz pog’onaga tushgan - 98. Bu mamlakatda davlat rahbarini haqorat qilgani uchun ayrim mustaqil jurnalistlar ta’qib etilgan, ular ishlayotgan tashkilotlarga katta jarimalar solingan.
Facebook Forum