Breaking News

2017-yil O'zbekistonda mustaqil matbuot uchun qanday davr bo'ladi?


“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining yangi hisoboti asosida 2017-yilda dunyoda matbuot erkinligiga doir vaziyatni aks etgan xarita
“Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining yangi hisoboti asosida 2017-yilda dunyoda matbuot erkinligiga doir vaziyatni aks etgan xarita

Islom Karimovning vafotidan so’ng O`zbekiston tarixida yangi sahifa ochildi, deyiladi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining dunyodagi so`z erkinligiga doir yillik hisobotida.

Ammo bu yangi sahifa hozircha o`zbek matbuotiga taalluqli emas. O`zbekistonni so`z erkinligi qattiq toptalayotgan davlatlar qatorida qayd etgan tadqiqot mamlakatda hamon 9 nafar jurnalistning qamoqda qolayotganiga diqqat qaratadi. 180 davlatdagi vaziyatni o’z ichiga olgan hisobotda O`zbekiston 169-o`rinni egallab turibdi. Tashkilotga ko`ra, O`zbekiston hukumati mustaqil jurnalistlarni ta’qiblash, internet vositlarini nazoratlash amaliyotidan voz kechmagan.

“Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti o’z hisobotida Karimov o’limidan so’ng uning o`rniga kelgan yangi Prezident Shavkat Mirziyoyev ham o`z fuqarolarining axborot olish huquqini toptashda, matbuotni jilovlashda davom etadimi, yo`qmi, degan savolni o’rtaga tashlaydi.

Sal avval tashkilot Bosh kotibi Kristof Deloyer Mirziyoyevga ochiq xat bilan murojaat qilib, qamoqda qolayotgan jurnalistlarni ozod etishga, xalqaro matbuot, mustaqil jurnalistlarning mamlakatda erkin ishlashiga imkoniyat yaratishga chaqirgan edi.

Saylovlar ketidan faqat bir jurnalist, 18 yillik qamoq jazosini o`tab bo`lgan Muhammad Bekjon ozodlikka chiqdi.

“Chegara bilmas muxbirlar”ning qayd etishicha, 9 nafar jurnalist hamon qamoqxonada g’ayriinsoniy sharoitlarda saqlanmoqda, aksariyatining sog`lig`i keskin yomonlashgan.

Tashkilot, shuningdek, hukumat internetdagi mustaqil axborot vositalarini bloklash, tarmoqlar va turli aloqa vositalarini nazorat qilish, mustaqil jurnalistlarni ta’qib etish amaliyotidan hamon voz kechmaganini ta’kidlaydi.

O`tgan yil sentabr oyida davlat boshqaruviga kelgan Mirziyoyev hozirgacha matbuotga oid bir nechta bayonotlar qildi. Uning “Axborot” informatsion ko`rsatuvini keskin tanqid qilgani, “ura-ura zamoni o`tganini, tanqidiy ko`rsatuvlarga ehtiyoj borligini” ta`kidlagani jamoatchilikda olqish bilan kutib olindi.

Ammo prezidentning matbuot haqidagi bu fikrlari qamoqdagi jurnalistlar taqdirida aks etgani yo`q, Solijon Abdurahmonov, Dilmurod Sayid, Yusuf Ro`zimurodov kabi jurnalistlar hamon qamoqda.

So`nggi hisobotdan mustaqil jurnalistlarni ta’qiblash siyosati hamon amalda ekanini ko’rish mumkin. Jurnalist Aleksey Volosevich xizmat safari paytida ma`lum muddat hibsda ushlanib tintuv qilingan, aka-uka jurnalist Bobojonovlarning Xorazmda yashayotgan onasi noma`lum ayollar tahdidiga uchragan.

Siyosiy muhojirlikda yashayotgan jurnalist, “Eltuz” nashri muharriri Qudrat Bobojon oldingi rahbar paytida oilasiga bu kabi hujumlar bo`lmaganini aytadi.

“Karimov davrida ham oilamizga uchastka noziri, mahalla oqsoqoli yoki noma`lum ayollar tomonidan bu kabi tahdidlar kuzatilmagan. Voqeadan keyin onam prezidentning virtual qabulxonasiga yozdi, yaqinda uyimizga militsionerlar kelib, vaziyat o`rganilayotganini, boshqa takrorlanmasligini aytishdi. Ya’ni boshqa tomondan, prezidentning virtual qabulxonasi o`z kuchini ko`rsatayapti”, - deydi jurnalist.

Matbuotda ayrim tanqidiy chiqishlarning kuzatilayotgani jamoatchilikda o`zbek matbuotiga nisbatan umid uyg`onayotganini ko’rsatmoqda.

Faollar matbuotdagi bu chiqishlarga, asosan, prezidentning tanqidlari turtki bo’layotganiga, prezidentning tanqididan chetda qolayotgan sohalarni matbuot ham chetlab o`tayotganiga diqqat qaratmoqda.

“Bu tanqidlarning paydo bo`lishiga Mirziyoyevning tashabbusi sabab bo`ladi. Masalan, “Axborot” so`nggi dasturlarida poytaxt tumanlaridagi ijtimoiy holatga doir bir necha ko`rsatuvlar berdi, hatto maktab oshxonlaridagi vaziyat ham keskin tanqid qilindi. Ilgari bunaqasi kuzatilmagan, lekin bir narsani unutmaslik kerak, Mirziyoyev yoki boshqa bir rahbarning ko`rsatmasi bilan tanqid qilayotgan matbuot mustaqil matbuot emas. Masalan, Mirziyoyev ishdan olgan hokimni tanqid qilish matbuot mustaqilligidan dalolat emas”, - deydi Qudrat Bobojon.

So`z erkinligiga doir xalqaro hisobotlarda O`zbekiston muntazam ravishda mustaqil matbuot faoliyati keskin cheklangan davlatlar qatoridan joy olib keladi. Ayrim tashkilotlar marhum Islom Karimovni matbuot va internet dushmani bo`lgan yetakchilar ro`yxatiga ham kiritishgan edi. Yangi prezident bunday ro`yxatlarga kiritilmagan, ammo so`z erkinligiga doir mamlakatdagi vaziyat hozircha o`zgarishsiz qolmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG