AQSh hukumati ajratgan 2 trillion dollarlik ko’mak paketi daromadsiz qolgan ko’pgina kichik bizneslarni qutqarish uchun yetarli bo’lmasligi mumkin. Kongressda qo’shimcha yordam muhokamada. Ayniqsa AQShning qishloq joylaridagi bizneslar qiyin ahvolda.
Vermont shtatida chang’i uchish mavsumi endi tugayotgan bo’lardi. Ammo atrofda sayyohlar ko’rinmaydi. Uylarni ijaraga beruvchi “Rentals Only” kompaniyasi koronavirus sabab mart oyida ishdan to’xtagan.
“Kasallik bilan o’ynashib bo’lmaydi”, - deydi kompaniya rahbari Melissa Ellis.
Koronavirus o’chog’i Nyu-York bu yerdan besh soatlik yo’l. Melissa Ellis Nyu-Yorkdan Vermontga vaqtincha ko’chib o’tayotganlarga uylarni ijaraga berishi mumkin edi.
“Nyu-Yorkdan uzoqroqda bo’lishni istayotganlar bor. Lekin o’zim, xodimlarim va shahrimiz aholisi uchun bunday qila olmayman”, - deydi Ellis.
Vermont shtati turizmdan yiliga 2,8 milliard dollar daromad qiladi.
“Turizm meni eng ko’p tashvishga soladi. Mahalliy aholi tirikchiligi tog’-chang’ichilik bilan chambarchas bog’liq”, - deydi shu shtatdan saylangan congressmen Piter Velch.
Melissa Ellis minglab bizneslar qatorida Kongress ajratgan mablag’dan umidvor.
“Bu yordam hozir hayotiy zarurat”, - deydi kongressmen Velch.
Mart oyida AQShning aksar shaharlarida karantin natijasida restoranlarda savdo 80 foizga kamaygan. Ayrimlari onlayn buyurtmalar asosida ishlab turibdi. It-mushuklar uchun yem sotadigan do’konlar ham ochiq.
Nyu-Gempshir shtatidagi oilaviy do’konga mijozlar hali ham kelib turibdi.
“Yana qancha ochiq bo’lamiz, bilmayman. Odatda biznesni 6-7 oy oldinga reja qilamiz. Xodimlarga maosh to’lash kerak. Hozir nima qilishni bilmay turibmiz”, - deydi do’kon egasi Brayan Ahern.
Katta shaharlardagi korporatsiyalar ham misli ko’rilmagan inqirozdan zarar ko’rmoqda. Ammo butun biznes yelkasida bo’lgan kichik tadbirkorlar qo’rquvda.
“Odamlar kelgusi qish mavsumi uchun ham buyurtma bermayapti”, - deydi Melissa Ellis.
AQShning kichik shaharlarida yopilgan ayrim bizneslar inqirozdan keyin ham ochilmasligi mumkin.
Facebook Forum