Rossiyada 17-19-sentabr kunlari parlament saylovlari o’tkaziladi. Saylovda har doimgidek “Birlashgan Rossiya” yoki Putin partiyasining g’alaba qozonishi kutilmoqda. Muxolif guruhlarning shikoyat qilishicha, ularning nomzodlariga ro’yxatdan o’tishga imkon berilmadi, kimdir qamoqda, kimnidir qo’rqitishgan, yana kimdir mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo’ldi.
Qamoqdagi muxolifatchi Aleksey Navalniyning hamkorlari rossiyaliklarni saylovda kommunistlarga ovoz berishga chaqirmoqda. Shunda, deydi ular, “Birlashgan Rossiya” kamroq ovoz oladi. Hozirgi Dumadagi o’rinlarning to’rtdan uch qismini hukmron partiya vakillari egallagan.
Ba’zi kuzatuvchilarga ko’ra, 2,5 yilga qamalgan Navalniy aynan saylovda qatnashmaslik yoki Kremlga xayrixoh nomzodlarga zarar yetkazmaslik maqsadida ozodlikdan mahrum etilgan. Uning tashkiloti ekstremist deb topilgan, iyun oyida kuchga kirgan qonunga ko’ra esa bunday guruhlar a’zolari saylovda qatnashish huquqidan mahrum.
Kommunistik partiya parlamentda 43 qonunchiga ega. Navalniy tarafdorlari saylovchilarni poytaxt Moskvaning 15 saylov uchastkasidan 11 tasida mana shu partiya nomzodlariga ovoz berishga chaqirmoqda.
Hukmron “Birlashgan Rossiya” siyosiy partiyasi ilk bor Ukrainaning bo’lginchi hududlarida ham tashviqot kampaniyasini olib bordi. Rossiya Donetsk va Lugansk viloyatlarida 600 mingdan ziyod odamga 2019-yilda pasportlar ulashgan.
"Albatta ovoz beraman, “Birlashgan Rossiya”ga ovoz beraman, chunki aynan shu partiya orqali biz Rossiya Federatsiyasiga qo’shilishimiz mumkin”, - deydi partiyaning viloyatdagi saylov kampaniyasida qatnashgan 39 yashar donetsklik Yelena.
Kiyev Rossiyaning isyonchi hududlarda saylov uyushtirish harakatlaridan g’azabda.
"Mintaqani ruslashtirish jarayoni avjida, xalqaro hamjamiyat esa bunga munosabat bildirmayapti. Ular yangi Davlat Dumasini tan olmasligi kerak”, - deydi Ukraina Xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov.
Rossiyaning javobu shuki, ikki fuqaroligi bor odamlarning har ikki mamlakat saylovlarida ovoz berishi odatiy hol.
Facebook Forum