Amerika qonunchilari Rossiyani o’tgan oyda bo’lib o’tgan prezident saylovlariga aralashganlikda ayblamoqda. Kreml bu da’volarni safsata deb, isbot keltirishni talab qilmoqda. 2017-yilda Fransiya, Germaniya va Niderlandiyada saylovlar bo’lishi kutilar ekan, Yevropa davlatlari xavotirga tushgan. Ba’zi tahlilchilar Rossiya hozirdan ishga kirishganini aytmoqda.
Germaniya kansleri Angela Merkel kelasi yili to’rtinchi muddatga saylanmoqchi. Rossiyaga qarshi sanksiyalarning boshida turgan Merkel Yevropaning yo’lboshchisi sifatida ham ko’rilmoqda. Demak, deydi tahlilchilar, Rossiya uning saylanishiga to’siq qo’yishga harakat qiladi.
Merkel Germaniya bunday harakatlarga barham berishga tayyor turishi kerak, dedi.
"Odamlarni xabardor qilib, siyosiy qarashlarimizni erta bildirishimiz kerak. Bundan asabiylashmaslik ham zarur. Shunchaki, bunday holat borligini tan olib yashashni o’rganishimiz kerak", - dedi u.
Biroq bu oson bo’lmasligi mumkin. 2015-yilda bir milionga yaqin migrant Germaniyaga bordi. Ayrim kuzatuvchilar Rossiya mamlakatda immigrantlarga qarshi kayfiyatni qo’zg’atishi mumkin, deya taxmin qilmoqda.
Shu kungacha Germaniyada muhojirlarga qarshi bir nechta namoyish bo’lib o’tdi.
“Rossiya Fransiyada ham, Germaniyada ham saylovlarga aralashib ko’radi. Biroq muhojirlarni Germaniyaga aynan Merkelning o’zi kiritgani uchun bu uning zaifligi deya ko’rilishi mumkin”, - deydi Yevropa islohotlari markazidan Ian Bond.
So’nggi so’rovlarda immigrantlarga qarshi chiquvchi “Germaniya uchun muqobillik” partiyasini tobora ko’p odam qo’llab-quvvatlamoqda. Berlindagi xuruj tarafdorlari sonini yanada oshirishi mumkin.
Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham ultra o’ng qanot partiyalar Kreml bilan yaqin aloqalar o’rnatmoqda. Fransiya “Milliy fronti” yetakchisi Marin Le Pen o’z saylov kampaniyasini moliyalash uchun Rossiyaga aloqador bankdan kredit olgan edi. Tahlilchi Bondning aytishicha, bu partiyalarning maqsadi bitta – Yevropa Ittifoqini bo’lib tashlash.
“Yevropa bo’linsa, Rossiyaning ishi osonlashadi, har bir mamlakatni alohida holda zaiflashtirib, o’ziga qaratvoladi”, - deydi u.
Yanvarda Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan so’ng Yevropaga yanada qiyin bo’lishi mumkin.
“Tramp ham Putin kabi Yevropa mamlakatlari bilan kollektiv ravishda emas, birma-bir ishlashni afzal ko’rsa kerak. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning kelasi oylardagi saylovlarga aralashishi oqibatida zaiflashsa ham pinagini buzmaydi, deb o’ylayman”, - deydi Ian Bond.
Yevropa rahbarlari xavotirlarimizni balandroq va baralla aytsak, Rossiyaning saylovlarga aralashuviga to’siq qo’yishimiz mumkin, deb o’ylashayotgandir, ammo, deydi kuzatuvchilar, Kreml harakatga ancha oldin tushgan.