Breaking News

Moskvada jazirama issiq va tutun bois o’lim sur’ati ikki karra oshgan


Rossiya poytaxti Moskvada quyuq tutun va jazirama issiq tufayli o’lim su’rati ikki baravarga oshgan. Har kuni shaharda 700 kishi jon bermoqda.

Odatda bu son 360-380 orasida edi, deydi Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiylari. Poytaxtliklar jon saqlash uchun Moskvani tark etishga tushgan.

Shahardan ketaman deb oshiqqanlar hali bunchalik ko’p bo’lmagan. Kechaning o’zida, yakshanba kuni poytaxt aeroportlaridan taxminan 100 ming odam uchib ketgan.

Ta’tilbop manzillar, Rossiya fuqarolari orasida mashhur Misr va Turkiyaga sayohat turlari tirband.

Rossiya hukumati yong’in bilan olishish bilan band. Ayrim oblastlarda ahvol hali ham og’ir. Ammo ofatning asorati – quyuq tutun hozir eng katta muammo.

Moskva atrofida o’rmonlardan ko’tarilgan og’ir, sarg’ish havo poytaxtni qoplagan. Aholi maska-niqob taqib yurishga majbur.

Rossiya tarixida mislsiz bu yong’in shu kungacha 52 odamni hayotdan olib ketgan, minglab binoning kuli ko’kka sovurilib, hosil nobud bo’lgan.

“Aholi mol-mulkini saqlab qolish harakatida. Hukumatga, o’t o’chiruv xizmatiga qo’ng’iroq qilib, biror yordam ololmadik”, - deydi Pavlovo Pasad shahrida yashovchi mana bu ayol.

O’t o’chiruvchi Valeriy Gevardarskiy “Odamlarni tushunamiz, lekin hamma tumanga ulgurish qiyin, qo’limizdagi uskuna-jihozlar eskirgan”, - deydi.

“Faqat to’rt mashinamiz bor xolos, suvni bir tupkaning tagidan olib kelishimiz kerak”, - deydi Gevardarskiy.

Uning aytischia, Rossiyada malakali o’t o’chiruvchilar yetishmaydi. Rasmiy hisoblarga ko’ra, mamlakatda 10 ming mutaxassis bor.

Ofat paytida Kreml yuz minglab ko’ngillini xizmatga yolladi. Rossiya hukumati ofatni eplay olmayotganini tan olmoqda.

Favqulodda holatlar vaziri Sergey Shoygu Rossiya halokatga tayyor emasligini, uskuna va odam kam ekanini e’tirof etib, bu kamchilik qoplanadi deya va’da bermoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG