Breaking News

Xorijiy mahsulotlarning yo'q qilinishi ma'naviyatsizlik, deydi rossiyalik faollar


Buldozer Rossiya sanksiyasiga uchragan xorijiy oziq-ovqatlarni yer bilan tekislamoqda, Belgorod oblasti, Rossiya, 6-avgust, 2015-yil
Buldozer Rossiya sanksiyasiga uchragan xorijiy oziq-ovqatlarni yer bilan tekislamoqda, Belgorod oblasti, Rossiya, 6-avgust, 2015-yil

Rossiya G'arb sanksiyalariga javob chorasi tariqasida Yevropadan oziq-ovqat mahsulotlari va ayrim boshqa tovarlarni xarid qilishni to'xtatgan. Chegaradan noqonuniy ravishda olib kirilgan mahsulotlar yoqilmoqda, buldozerlar yordamida tekislanmoqda. Yaqinda golland gullari ham sanksiyaga uchradi. Chora tanqidchilari qashshoqlik bilan olishayotgan Rossiyadagi bu aksiyani bema'nilik deya atamoqda.

Yaqinda G'arbdan Rossiyaga olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining 500 tonnadan ko'pi yo'q qilindi. Shundan so'ng Niderlandiyadan golland gullarini olib kirish ham taqiqlandi. Rasmiylarga ko'ra, ularda xavfli hasharotlar bo'lishi mumkin. Biroq ayrim kuzatuvchilar buni Ukraina sharqida urib tushirilgan samolyot halokatining Niderlandiyada tergov qilinayotgani bilan bog'lamoqda.

Xorijiy mahsulotlarning yo'q qilinishini rossiyalik faollar ma'naviyatsizlik, demoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:02 0:00

Karnegi jamg'armasining Moskvadagi bo'limi xodimi Andrey Kolesnikovning aytishicha, ikki voqeaning bir paytga to'g'ri kelishi tasodif emas.

"Gullar importiga qo'yilgan taqiq G'arbga qarshi kampaniyaning bir qismi", - deydi u.

Gollandiyalik tergovchilar samolyot qulagan joyda Rossiyada ishlangan raketa qoldiqlari topilganini aytmoqda. Kreml bunday raketalar Ukraina qurolli kuchlari qaramog'ida ham borligini aytib, rasmiy Kiyev va G'arbni Rossiyani obro'sizlantirish harakatida ayblamoqda.

Millionlab rossiyaliklar qashshoqlikda yashayotgan bir paytda xorijdan keltirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining yo'q qilinishi aksincha Rossiyaning o'ziga zarar, deydi Kolesnikov.

“Bu ma'naviyatsizlik. Rossiya ko'p yillar ocharchilikka yuz tutgan", - deydi u.

Mulozimlarning tushuntirishicha, xorij oziq-ovqatiga qo'yilgan taqiq mahalliy ishlab chiqaruvchilarni faol bo'lishga undamoqda. Ammo boshqa tomondan, deydi tanqidchilar, raqobat kamayib, do'konlar past sifatli mahsulotlar bilan to'lgan.

“Vaziyat og'ir. Raqobat yo'q, inflyatsiya yuqori, iste'molchi norozi, yalpi ichki mahsulot o'sishdan to'xtagan, aksincha kamaymoqda", - deydi Karnegi jamg'armasidan Andrey Kolesnikov.

Rossiya Avstraliya, Kanada, AQSh va Yevropa Ittifoqida tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari importini taqiqlab qo'ydi. Shu hafta esa Albaniya, Chernogoriya, Islandiya va Lixtenshteyn ham qora ro'yxatga kiritildi. Yaqinda bu davlatlar Rossiyaga qarshi e'lon qilingan sanksiyalarni qo'llab-quvvatlagan edi.

Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning aytishicha, bu davlatlar Yevropa Ittifoqi bilan imzolagan bitimiga ro'kach qilib, Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo'shilganini izohladi. Biroq, deydi Medvedev, Yevropa Ittifoqi bilan o'xshash bitim imzolagan ba'zi davlatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo'shilmadi.

"Demak, bu har bir mamlakatning ongli qarori. Shunday ekan, ular Rossiyaning javob choralariga tayyor turishi kerak", - dedi bosh vazir.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG