Breaking News

Saakashvili prezident ekan, Rossiya Gruziya bilan aloqa qilmaydi


Rossiya-Gruziya o’rtasidagi qurolli to’qnashuvdan ikki yil o’tib, munosabatlar o’nglangani yo’q. Sobiq Sovet hududida muzlab qolayotgan yana bir mojaro.

Abxaziya va Janubiy Osetiya ustidan kechgan 2008 yilgi urush 850 odamning yostig’ini quritdi, 35 ming gruzin boshpanasiz qoldi.

Rossiya-Gruziya rahbarlarining bir-birini ko’rishga ko’zi yo’q. Chegaralar yopiq. Moskva-Tbilisi o’rtasida onda-sonda samolyot qatnaydi.

Gruziyada Mixail Saakashvili prezident ekan, Rossiya bu davlat bilan munosabatlarni tiklashi amri mahol. Prezident Dmitriy Medvedev bu haqda Moskvada, jurnalistlar bilan suhbatda ta’kidladi.

“Rossiya 2008 yili Gruziyaga qilgan yurishidan afsusda emas va o’shanda qabul qilingan barcha qarorlarni to’g’ri deb hisoblaydi”, - deydi Medvedev. “Rossiyani agressiyada ayblagan ayrim davlatlar va ommaviy axborot vositalari bugunga kelib tanqidlar qanchalik o’rinsiz ekanini tushunib yetmoqda”.

Gruzin rahbariyati ham Rossiyani dushman deb biladi. Prezident Saakashvili nazarida bu imperial mahobatini qo’msab yashayotgan, yosh mustaqil davlatlarni o’ziga bo’ysundirishga harakat qilayotgan bir davlat.

Rossiyadan uzilgan gruzin yoshlari esa rus tilidan tobora begonalashib bormoqda. Bugun ular Moskva yoki Sankt-Peterburg oliygohlarida emas, London yoki Parijga borib ta’lim olishni orzu qiladi.

Siyosatshunos olim Aleksey Malashenko fikricha, Rossiya harbiylari Gruziyani yakson qilgan bo’lsada, Kreml diplomatik urushni boy berdi.

“Sobiq Sovet respublikalaridan hech biri, hatto Belarus ham Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil o’lkalar deb tan olmagan”, - deydi Malashenko.

Rossiya bilan urush uning bemulohaza qarorlari natijasi deb tanqid qilingan bo’lsa-da, Mixail Saakashvili nafaqat hokimiyatda mahkam o’tiribdi, balki G’arb bilan aloqalarni sekin-asta tiklay boshlagan.

O’tgan oy davomida Tbilisiga yetakchi diplomatlar, jumladan AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton tashrif buyurib, Abxaziya va Janubiy Osetiya hamon Rossiya “istilosi” ostida ekanini ta’kidlab o’tdi.

Urushdan ikki yil vaqt o’tib, Gruziyadan ajralishga harakat qilayotgan ikki mintaqani Rossiyadan tashqari faqatgina Nikaragua, Venesuela va Nauru oroli tan olgan xolos.

Harbiy tahlilchi Anatoliy Tsyganok deydiki, aslida Rossiya mintaqa xalqlarini Gruziya agressiyasidan himoya qilgani olijanoblik. Biroq Kreml qanchalik harakat qilmasin, bu tinchlik missiyasi ekaniga dunyo hamjamiyatini ishontira olmadi.

2014 yilning fevralida Rossiya Qishgi Olimpiya o’yinlariga mezbonlik qilishi kutilmoqda. O’yinlar Abxaziya biqinida joylashgan Sochida o’tadi. Tahlilchilar Rossiya ungacha Gruziya bilan yarashib olishini bashorat qilmoqda.

Hozircha esa murosadan darak yo’q. Rossiya ommaviy axborot vositalarida Gruziya rahbari va hukumatini qoralash, propaganda davom etyapti.

“Aslida Rossiyaning Gruziya xalqiga dushmanligi yo’q, lekin ularning rahbari bilan ishlay olmaymiz”, - deydi jurnalist Maksim Chevchenko. U Saakashvilini Rossiya tinchlikparvar qo’shiniga hujum qilgan jinoyatchi deb ta’riflaydi.

Gruziya tomonidan ham yon berish yo’q. Bosh vazir Nika Gilaurining ta’kidlashicha, Rossiya Jahon Savdo Tashkilotiga kirmoqchi bo’lsa, bu davlat suverenitetini tan olishi kerak.

Aks holda, tashkilot eshiklari yopiq bo’lib qolaveradi. Jahon Savdo Tashkiloti a’zosi Gruziya a’zolikka 1990-yillardan harakat qilib kelayotgan Rossiya nomzodiga veto qo’yishi mumkin.

XS
SM
MD
LG