Rossiyaga tegishli samolyot Indoneziya tog’larida qulab, bortidagi yo’lovchilarning barchasi halok bo’lgan. Omon qolganlarni topmadik, deya bildiradi Indoneziya qidiruv-qutqaruv xizmatlari.
Fojia ro’y bergan hududda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etayapti, ammo rasmiylar biror odam tirik qolganiga ishonmaydi. Yangi rusumdagi “Suxoy Superjet-100” samolyoti bortida taxminan 50 kishi bilan Indoneziya poytaxti Jakartadan havoga ko’tarilgan, oradan ko’p o’tmay radardan g’oyib bo’lgan edi.
Avialayner qoldiqlari bugun Jakarta janubidagi Salak tog’ yonbag’rida topildi.
Bogor mintaqasida samolyotni izlab topish ishlari qattiq yomg’ir, shamol va tuman sababli sekin kechgani xabar qilinmoqda. U bir soat ichida qaytib kelishi kerak edi.
Rossiyaning “Suxoy” kompaniyasi harbiy sohada nom qozongan, Superjet-100 uning xorijiy firmalar bilan hamkorlikda loyihalashtirgan ilk yo’lovchi samolyotidir. Aviatsiya sohasini rivojlantirishga ahd qilgan Rossiya mulozimlari uni mijozlarga ko’rsatish uchun Osiyo davlatlari bo’ylab safar qilmoqda.
Halokatga uchragan layner yo’lovchilari orasida Indoneziya aviakompaniyalari rahbarlari, aviatsiya sohasi mutaxassislari, jurnalistlar va rossiyalik uchuvchilar bo’lgan.