Rossiya rahbariyati internetni xorijning salbiy ta’siridan asrash kerak, deb ma’lum choralar ko’rishga tayyorlanmoqda. Biroq aslida bunday choralar siyosiy inqiroz paytida aholini internetdan uzishga qaratilgan, deydi kuzatuvchilar.
Chorshanba kuni Aloqa vaziri Nikolay Nikiforov bu choralar orqali Rossiyani internetdan uzib qo’yishga qaratilgan tashqi harakatlarni to'xtatish ko'zlanganini bildirdi.
Vazirga ko’ra, Rossiyaning internet traffigi, asosan, Amsterdamdagi serverlardan keladi. Bu esa mamlakatni G’arb ta’siri ostida zaiflashtirmoqda, deydi Nikiforov.
“Agar bizning xorijiy hamkorlarimiz sanksiyalar o’yinini olib borayotgan siyosatchilar kayfiyatiga qarab, Rossiyaga qarshi u yoki bu chorani qo’llashga harakat qilsa, nima bo’lishi mumkinligini o’rganyapmiz. Vazifamiz – Rossiyada internet mustaqil ishlashda davom etishini ta’minlash uchun kerakli choralar ko’rish,” – dedi rasmiy.
Prezident Vladimir Putin ilgari ham internetni AQShning razvedka xizmati ixtirosi deb atagan va undan maqsad Rossiya hukumatini zaiflashtirish va iqtisodiy jihatdan jazolash ekanini ta’kidlagan edi. Prezident tanqidchici Andrey Malginning aytishicha, Putin blogosfera – internetdagi bloglar makonini yo’q qilishni istaydi.
Internet mohiyati shundayki, traffikning katta qismi mamlakat ichida emas, minglab kilometr narida amalga oshishi mumkin. Global interkontinental internet oqimida Amsterdam katta ahamiyatga ega. Yevropa internet ma'lumotlarining katta qismi aynan Gollandiyadagi servevlardan o’tadi.
Internet bo’yicha mustaqil mutaxassisga ko’ra, Rossiyaga xorijdan kiradigan axborot yo'laklari soni ancha kamaygan.
"Demak, asosiy kirish va chiqish punktlariga to’siq qo'yilgan va ularni Moskva nazorat qilmoqda”, - deydi ismini oshkor etmaslik sharti bilan “Amerika Ovozi” bilan suhbatlashgan ekspert.
Ammo boshqa mutaxassislar internetni to’la nazorat qilish qiyinligiga urg’u beradi va hech bir hukumat butun mamlakat hududini internetdan uzib qo’yishga qodir emas, degan fikrda. Sun’iy yo’ldoshlar bor ekan, ular orqali internetga chiqadigan, qolaversa, sputnik telefonlaridan foydalanadigan odamlar doim topiladi, deydi mutaxassislar.
Ammo hukumat uchun mamlakatning katta qismida internetni uzib qo’yib, uning o’rniga mahalliy miqyosda yaratilgan ichki tizimni amalga kiritish imkonsiz emas, deydi ular.