Bugun Tehronda Eron, Rossiya va Turkiya prezidentlari uchrashib, o’zaro aloqalar, Suriya va Ukrainadagi vaziyat xususida gaplashgan. Suriyaga qo’shin kiritishga hozirlanayotgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an Ibrohim Raisiy va Vladimir Putindan harbiy amaliyotga ko’z yumishlarini istaydi.
“Eron Turkiya harbiy amaliyotiga e’tirozini yashirmay keladi”, - deydi turk tahlilchisi Atilla Yeshilada.
Xususan bugun Erdog’an bilan uchrashuv chog’ida Eron prezidenti Suriyaning hududiy daxlsizligi hurmat qilinishi kerak, dedi.
Turkiya ayni damda Suriya bilan chegaradagi katta hududlarni nazorat qilmoqda va yangi amaliyot orqali xavfsiz zonani yanada kengaytirmoqchi. Eron esa mazhabdosh Suriyani yaqin ittifoqchi deb biladi. So’nggi bir necha yillardagi mojarolarda turli taraflarni qo’llab-quvvatlab kelgan Turkiya va Rossiya rahbarlari iqtisodiy masalalarda hamkorlikni qo’ldan chiqargani yo’q.
Anqaraning yaqindan beri Eronga azaliy dushmanlar - Isroil va Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarni tiklashga qaratilgan harakatlari Suriya masalasida Eron-Turkiya muloqotini qiyinlashtirishi mumkin. Biroq kuzatuvchilar Erdog’anning Tehronga safarini bu muammoga yechim topishda ijobiy qadam deya baholamoqda.
“Erdog’anni Tehronga taklif etishdan maqsad uni saudiyaliklar va Isroil bilan yaxshi aloqalari uchun koyish emas”, - deydi sobiq turk diplomati Oydin Seljen.
Rossiya Suriya havo sarhadlarini nazorat qilishda Damashqqa yordamlashar ekan, Erdog’an Ukrainada urush boshlanganidan beri Putin bilan ilk bor yuzma-yuz ko’rishdi.
Suriya mavzusidan tashqari ikki rahbar Ukraina bug’doyini jahon bozoriga olib chiqish xususida ham gaplashgan bo’lishi mumkin.
Yaqinda Rossiya, Ukraina va BMT rasmiylari Turkiyada uchrashib, Odessa portlarida turib qolgan bug’doyni dengiz orqali olib chiqish masalasida sermahsul muzokaralar o’tkazgan.
AQSh Qishloq xo’jaligi vazirligi ma’lumotiga ko’ra, Ukraina o’tgan yilgi mavsumda 6,8 million tonna, ya’ni bundan bir yil oldingiga qaraganda 8 baravar ko’p makkajo’xori tergan, bug’doy hosili esa salkam 6 million tonnaga yetgan.
Ukraina bug’doyni odatda Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlariga sotadi. Bug’doy yetishtirishda Rossiya yetakchi mamlakat bo’lib, bu yilgi hosil 40 million tonna atrofida bo’lishi kutilmoqda.
Turkiya vositachi rolini bajarar ekan, ayrim kuzatuvchilar uning oshib borayotgan diplomatik nufuziga e’tibor qaratmoqda.
“Erdog’an Saudiya Arabistoniga borib-keldi, Zelenskiy va Putin bilan gaplashyapti, endi Tehronda, Isroil prezidenti yaqinda Turkiyaga kelib-ketdi. Bu Erdog’anning mintaqada diplomatiya bobidagi samaradorligi va ko’p qirrali siyosat yuritishga qodir ekanini ko’rsatishi zarur”, - deydi Seljen.
G’arb davlatlari Turkiya rahbarining Eron va Rossiya prezidentlari bilan yaqinligini tanqid qilmoqda.
AQSh Prezidenti Jo Bayden bir necha kun oldin Isroil va Saudiya Arabistoniga safaridan qaytib keldi. Qo’shma Shtatlar mintaqada Eronga qarshi turish uchun Isroilning qo’shni arab mamlakatlari bilan aloqalarini kuchaytirishga intilmoqda. Bayden, shuningdek, dunyoda neft narxini tushirish maqsadida Riyoddan neft ishlab chiqarishni oshirishni so’ragan.
Qo’shma Shtatlarga ko’ra, Rossiya Ukrainadagi harbiy amaliyoti uchun Erondan harbiy dronlar sotib olmoqchi. Tehron va Moskva bu da’volarni inkor etgan.
Putin so’nggi haftalarda diplomatik harakatlarini faollashtirib, G’arbning Rossiyani dunyoda yakkalatishga qaratilgan ashaddiy harakatlariga qaramay, bu harakatlar samarasiz bo’lishini isbotlashga urinmoqda.
"Butun dunyodan alohida rivojlana olmaymiz, albatta. Bunday bo’lmaydi ham. Mamlakatlar o’zini katta to’siq bilan to’sa olmaydi. Buning iloji yo’q”, - dedi Putin bir kun oldingi hukumat majlisida.
Rossiya rahbari yaqinda Tojikiston va Turkmanistonda bo’ldi, so’ng BRIKS tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining virtual sammitida qatnashdi.
Facebook Forum