Breaking News

Kuril orollari Yaponiyaga qaytariladimi?


Kuril orollari tarkibiga kiruvchi va Yaponiya da'vo qilayotgan Kunashir oroli
Kuril orollari tarkibiga kiruvchi va Yaponiya da'vo qilayotgan Kunashir oroli

Shu oy boshida ko’plab mamlakatlar rahbarlari Fransiya poytaxti Parijda Birinchi jahon urushi yakuniga bag’ishlangan marosimda qatnashdi. Ilk global urush tarixda qolib ketdi, biroq shundan 21 yil o’tib dunyoni qaqshatgan Ikkinchi jahon urushi ba’zi davlatlar uchun hanuz yakunlanmagan. Hududiy bahs Rossiya va Yaponiyaga tinchlik bitimini imzolashga imkon bermayapti. Yaponiya urush yakunida tortib olingan orollarini qaytarishga intilmoqda.

Xalqaro hayot - 22-noyabr, 2018-yil - Kuril orollari Yaponiyaga qaytariladimi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:28 0:00

Ayni damda Rossiya tarkibiga kiruvchi to’rt orolni (Iturup, Kunashir, Shikotan, Xabomay) Tokio Shimoliy hududlar deb, ularni qaytarishni talab qiladi. Moskva esa uning bu hududlarga egaligi Ikkinchi jahon urushi yakunida imzolangan xalqaro bitimlar tomonidan tasdiqlanganini e’tirof etadi. Ikki mamlakat diplomatlari masala bo’yicha muzokara qilmoqda.

"Amerika Ovozi" yaqinda Rossiyaning Yaponiyadan shimolda joylashgan Saxalin orolida bo'ldi.

Orol so’nggi 160 yil ichida yapon imperiyasi, chor Rossiyasi, Sovet Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasi boshqaruviga guvoh bo’ldi. Hudud ko’plab urushlarni ko’rdi, chegarasi va aholisi bir necha bor o’zgardi.

“Men shu yerda tug’ilganman. 7 yoshgacha yapon oilasida tarbiya ko’rdim”, - deydi saxalinlik Masayesi Siroxata.

Sovet qo’shinlari Ikkinchi jahon urushi so’ngida orolni to’liq qo’lga kiritganidan so’ng uning oilasi Saxalinda qoldi. Yosh Masayesi rus tilini o’rganishga majbur bo’ldi, harbiy xizmatga chaqirtirilib, chegarani yaponlardan himoya qildi.

“Harbiy mashqlarda “yaponlar kelyapti” deb hayqirishardi. “Qayerdan kelyapti” deb so’rasam, menga ishora qilib kulishardi”, - deydi u.

So’nggi yillarda Kreml Saxalin taraqqiyotiga ko’p pul sarfladi, ammo mahalliy aholining aytishicha, neft va gazga boy orolda odamlar baliqchilik bilan ham shug’ullanadi; Sovet paytida yopiq zona hisoblangan bu hududga sayyohlar kelib turibdi, sarmoyadorlar pul tikyapti.

“Sovet Ittifoqi tarkibida bo’lganmiz. Shaharlar va fabrikalar qurganmiz. Odamlar bu yerga ishlagani kelib, qolib ketishgan. Maktabdaligimda Yaponiya bilan aloqalar meni qiziqtirmasdi”, - deydi Saxalin davlat universiteti professori Sergey Prokopenko.

Saxalinda koreys aholi ham yashaydi. Ular tarixni unutmagan.

“Oilamiz taqdiri fojiali bo’lgan. Biroq fojia yolg’iz bizning oilaga kelmadi. Har bir xonadon boshiga kulfat tushgan”, - deydi Saxalin koreys markazi rahbari Oksana Pak.

Orolga arzon ishchi kuchi sifatida yaponlar tomonidan keltirilgan koreyslarning tarixiy vatani bilan aloqasi Sovuq urush yillarida uzilib qolgan.

Oilalar hamon qovushmagan, Yaponiya koreyslarga yetgan zulm va jabr uchun to’lagan moddiy yordam qurbonlar oilalariga yetib bormagan.

“Saxalinda tug’ilgan bo’lsam-da, ajdodlarim Koreyadan. Tariximizni unutsak, o’zligimizni ham unutib qo’yamiz”, - deydi Pak.

Tarixning turlicha talqin etilishi Kuril orollari bo’yicha Yaponiya va Rossiya o’rtasidagi munozaraning davom etishiga sabab bo’lmoqda. Ikki davlat qog’ozda hamon urush holatida.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abega yil oxirigacha masalani oydinlashtirishni taklif etdi. Bu maqsadga erishish oson bo’lmaydi, deydi ba’zilar.

“Rossiya saxovatli mamlakat. Eski qarzlardan kechishga tayyor, ammo o’z hududlarini berib yubora olmaydi, hukumat xalq la’natiga uchraydi”, - deydi mahalliy muzey xodimi.

2014-yilda Qrimni o’ziga qo’shib olganlikda ayblanayotgan Rossiya hududini Yaponiyaga berib qo’yarmikan?

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG