6-iyun kuni Moskvada hibsga olinib, uy qamog’ida salkam bir hafta saqlangan “Meduza” internet nashrining jurnalisti Ivan Golunov ozod etildi.
Rossiya Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevning aytishicha, Golunov asossiz ushlangan, unga qo’yilgan ayblov isbotini topmagan. Golunovni hibsga olgan politsiyachilar vaqtincha ishdan olingan, Rossiya Tergov qo’mitasi bu ishning tagiga yetmoqchi va muxbir nega hibsga olinganini aniqlamoqchi.
So’nggi paytlarda Golunov byudjet puli aralashgan tenderlar xususida surishtiruv olib borib, bu mavzuda maqola tayyorlayotgan edi. Uni hibsga olish paytida yonidan giyohvand modda topilgan. Golunov narkotikni unga tashlab qo’yishganini da’vo qilgan.
“Moskvada korrupsiya haqida surishtiruv olib borayotgan jurnalistning uyida qoradori tayyorlovchi laboratoriyaning borligiga ishonish ahmoqlik”, - deydi Golunovni qo’llab, namoyishga chiqqanlardan biri.
Rossiyada jurnalist bo’lib ishlash osonmas. Bu kasb egalari ta’qib etilish, qamalish yoki ishdan haydalish ehtimoli bilan hamisha yuzlashib turadi.
Yaqinda “Kommersant” gazetasi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning ehtimoliy iste’fosi haqida maqola chop etib, noqulay ahvolga tushib qoldi. Matviyenko iste’foga chiqmadi, biroq maqolani tayyorlagan besh muxbirdan ikkisi ishdan haydaldi.
“Biz kadr o’zgarishlari ehtimoli haqida doim xabar berib turamiz va bu hamisha kimgadir yoqmaydi. Biroq bu maqolamizga bunday keskin munosabat bildirilishini kutmagandik”, - deydi haydalgan jurnalistlardan biri Maksim Ivanov.
Shundan so’ng gazetaning siyosiy bo’limida ishlovchi barcha xodimlar va bosh muharrir o’rinbosari tahririyatga bosim qo’yilayotganini aytib, o’z xohishiga ko’ra ishdan bo’shadi.
Kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyada amaldorlarni tanqid qilish yoki hukumat haqida salbiy maqolalar yozish xavfli.
“Siyosat haqida yozayotgan muxbirlarda ichki senzura shakllanmoqda. Bu muharrir borligidan tashqari. Ba’zi mavzularni yoritishga harakatdan foyda yo’q, maqola baribir chop etilmaydi”, - deydi “Exo Moskvy” radiosi sharhlovchisi Anton Orex.
“Exo Moskvy”, “Meduza” onlayn gazetasi, “Dojd” telekanali bevosita davlat nazoratida bo’lmagani yoki Kremlga yaqin oligarxlarga qaramagani bois mustaqil ishlab kelmoqda, biroq yil sayin bu ishning uddasidan chiqish qiyinlashmoqda.
Facebook Forum