Yakshanba kuni Rossiyada mintaqaviy va mahalliy saylovlar bo’lib o’tdi. Kreml tayinlagan gubernatorlar barcha hududlarda g’alaba qozonishiga qaramay, muxolifatchi Aleksey Navalniyning “Aqlli saylovlar” strategiyasi doirasida hukmron “Yagona Rossiya” partiyasidan nomzodlarga qarshi kurashgan da’vogarlar Sibirda shahar kengashiga saylovlarda ijobiy natija ko’rsatgan.
Navalniyning o’zi hozir Berlindagi kasalxonada. Nemis shifokorlariga ko’ra, muxolifatchi “novichok” turkumidagi asab agenti bilan zaharlangan. Germaniya laboratoriyasi materiallarini o’rganib chiqqan Fransiya va Shvetsiya mutaxassislari Navalniyning “novichok” bilan zaharlanganini tasdiqladi.
Germaniya analiz namunalarini Kimyoviy qurollarni man qilish tashkilotiga ham yuborgan. Idora o’ziga aloqador laboratoriyalar orqali namunalarni tekshirtirmoqda. Kreml Navalniyning zaharlangani haqidagi da’volarni inkor etarkan, Germaniyadan dalil so’ramoqda.
Navalniy Sibirga safari paytida betoblandi. Xabarlarga ko’ra, u mintaqada ildiz otgan korrupsiya darajasi haqida hujjatli filmni suratga tushirish uchun hamda Kremlga qarshi nomzodlarni qo’llab-quvvatlash uchun Sibirga borgan edi.
Saylovlarda berilgan ovozlar hisoblanarkan, Komi, Tatariston, Kamchatka va yana o’ndan oshiq boshqa respublika va viloyatlarda Kreml gubernatorlikka tanlagan nomzodlar g’alaba qozongan. Navalniy tarafdorlari esa Novosibirsk kabi Rossiyaning uchinchi yirik shahri hamda Tomsk kabi talabalar shahrida mahalliy kengashga saylovda “Yagona Rossiya”dan nomzodlarni mag’lub etdi.
“Odamlar amaldorlardan to’ygan. Taxtda 20 yil o’tirib, tinmasdan xalq mulkini o’marib, jazosiz qolishmoqda”, - deydi Tomsk shahar kengashiga o’tgan Kseniya Fadeyeva.
Navalniyning “Aqlli saylovlar” strategiyasi “Yagona Rossiya”dan nomzodlarni mag’lub eta oladigan da’vogarlarni qo’llab-quvvatlab, saylovchilarni ularga ovoz berishga undashdan iborat. Bu saylovlarda mingdan ortiq ana shunday nomzodlar qatnashdi.
Natijada Tomsk shahar kengashidagi 37 ta o’rindan atigi 12 tasi hukmron partiya vakillariga nasib etgan.
“15 yildan beri Tomskdagi rayon saylov komissiyasiga raislik qilayotgan bo’lsam, “Yagona Rossiya” hali bunchalik yomon natija ko’rsatmagan”, - deydi Tatyana Doroshenko.
“Golos” mustaqil tashkilotiga ko’ra, muxolifatning ko’plab vakillari saylovda qatnashish huquqidan mahrum bo’lgan. Guruh saylovning uch kunga cho’zilgani natijasida ovozlarni soxtalashtirish holatlarini aniqlash qiyin bo’lganini bildirib, jarayonning bir kunda o’tkazilmaganini tanqid qildi.
Facebook Forum