Breaking News

Migrantlar taqdiri: Rossiyada ishlash bugun yanada qiyinlashgan


Moskva
Moskva

Rossiyadagi iqtisodiy qiyinchiliklar sabab ishidan ayrilgan migrantlar vatanga qaytish harakatida. Rublning qadrsizlanishi katta muammo, deydi ular. Ayrim mehnat muhojirlari radikalizmga berilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Rossiyada ishlash bugun yanada qiyinlashgan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:19 0:00

2015-yildan muhojirlar oqimini cheklashga qaratilgan yangi choralar kuchga kirdi. Rossiyada ishlash uchun ruxsat olish qimmatlashgan. Buning ustiga rus tili va Rossiya tarixi bo’yicha imtihon topshirish shart.

Rossiyadan qaytayotgan muhojirlar asosan O’zbekiston, Tojikiston va Qirg’iziston fuqarolaridir. Hozircha ularning qanchasi ortga qaytgani aniq emas. Moskvada ular 25 foizga kamaygani taxmin qilinadi.

Rubl qadrsizlanib, yangi tartib o’rnatilgach Rossiyada ishlashdan foyda qolmadi, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan o’zbekistonliklar. Vatanda esa ish topish amri mahol. Oddiy maosh bilan oila boqish mumkin emas.

Moskvada o’zbek va tojik diasporalari ishtirokida o’tgan matbuot anjumanida shunga urg’u berildiki, Rossiyada ishlash uchun joriy etilgan yangi talablarni bajarish o’ta qiyin. Rus tili va tarixdan imtihon topshirish muhojirlar uchun deyarli imkonsiz.

Rossiya o’zbeklari, o’zbekistonliklar kongressi rahbari Ibrohim Xudoyberganov mehnat muhojirlari huquqlarini ta’minlashdagi lozim shartlar bajarilmagan bir paytda patent qoidasi migrant huquqlarini yanada cheklashini aytgan.

Xudoyberganov nazarida rubl qadrsizlanishi O’zbekiston va Rossiyadagi ish haqlarini tenglashtirishi mumkin. Ammo bu muhojirlarni vatanda hech kim kutayotgani yo’q, shu bois ma’lum muddatdan so’ng yana qaytish boshlanadi, deydi u.

Matbuot anjumanida O’zbekiston va Tojikiston hukumatlari ta‘qibiga uchrayotgan mehnat muhojirlari masalasi ham ko’tarilgan.

Tojikiston mehnat muhojirlari uyushmasi rahbari Karomat Sharipov deydiki, tanqidiy fikrini ochiq aytgan muhojir Tojikistonda ham, O’zbekistonda ham bosim ostida.

"Mehnat muhojirlarining o’g’irlab ketilayotgani - o’zaro hamkorlikdagi ish. Ular hatto so’nggi muhojirgacha olib ketishlari, turli gunohlarda ayblashlari mumkin. Chunki bu rejimlar inson huquqini ta’minlashga emas, odamlarda qo’rquvni shakllantirishga asoslangan. Tojikistonda ham, O’zbekistonda ham shunday“, - deydi u.

Sharipovning kuzatishicha, muxolif fikrli odamga ortga yo’l yo’q. Tojikistonda ularni 24 yillik qamoq kutadi, deydi u. Rossiya maxsus xizmatlari yordamida o’z vataniga jo’natilishidan xavotirga tushgan muhojirlar Suriyada jang qilishni afzal ko‘rmoqda.

"Ular muhojirlikdan charchashgan. Rossiyaga so’rov yuborilsa, darrov ushlab ortga qaytariladi. Shunday ta’qibga olingan yigitlarni qidirganimizda, bizga ularning allaqachon Suriyada jang qilishayotganini aytishdi“, - deydi Sharipov.

Mehnat muhojirlariga oid so’nggi rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Rossiyadagi o’zbekistonliklar soni 3 millionga yaqin. Norasmiy hisoblarda bu raqamlar kattaroq. O’zbeklar federatsiyada ishlayotgan eng katta migrant jamoa hisoblanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG