Breaking News

Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida diniy radikalizm yuqorimi?


Mehnat muhojirlari ustidan politsiya reyd o'tkazmoqda, 14-oktabr, 2013-yil, Moskva, Rossiya.
Mehnat muhojirlari ustidan politsiya reyd o'tkazmoqda, 14-oktabr, 2013-yil, Moskva, Rossiya.

Sankt-Peterburg shahrida yuz bergan terror xuruji ortidan Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida radikalizm kuchayayotgani haqida gap-so'zlar ko'paydi. Sankt-Peterburgdagi Yevropa universiteti tadqiqotchisi Sergey Abashinning aytishicha, bu gaplar asossiz.

Rossiyada o'rta osiyolik mehnat muhojirlari va hatto rus bo'lmagan mahalliy fuqarolarga nisbatan ayirmachilik kayfiyati yuqori ekani haqida shikoyatlar ko'p. Sankt-Peterburgdagi Yevropa universitetida tadqiqot olib boruvchi Sergey Abashinga ko'ra, rus jamoatchiligi orasida hozir kimlar rossiyalik, rus yoki kelgindi, degan savol ustida bahslar kuchaygan. Migrantlar orasida ekstremizm sababini qidirayotganlar ham aslida mavzuga mana shu salbiy stereotiplardan kelib chiqib yondashmoqda, deydi u.

"Yaqin Sharqdagi voqealar, Yevropaga qochoqlar oqimi, G'arbdagi terror xurujlarining ham o'rni katta. Rossiyada migratsiya va musulmonlar mavzusi o'rganilganda shular ta'siri seziladi", - deydi u.

Tadqiqotchiga ko'ra, rossiyalik ekspertlar va jamoat arboblari ekstremizm muammosini uch masalaga bog'lashadi: migratsiya, islom va Markaziy Osiyodagi beqarorlik. Ammo bularning hech biri ilmiy va amaliy asosga ega emas, deydi Abashin.

"Aniq bir holatlarni yoki ma'lumotlarni tahlil qilishda mana shu oldindan mavjud farazlarga tayanishadi va buning siyosiy sabablari ham bor", - deydi Sergey Abashin.

Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida haqiqatdan ham diniy radikallashuv kuchaymoqdami? Abashinga ko'ra, bunday emas.

"Muhojirlar orasida ekstremistik qarashdagilar borligi haqida faktlar mavjud. Ammo bu qanchalik keng tarqalgan yoki qanchalik tahdid soladi, bu haqda umumiy xulosa chiqarish oson emas", - deydi u.

Musulmonlikning qanday ko'rinishi radikalizm yoki ekstremizmni ifodalaydi? Bu savolning ham aniq javobi yo'q; bu borada jamoatchilikda tushuncha va bilimlar yetarli emas, deydi ekspert.

"Immigrantlar dindorligini jamoatchilik oldida ko'rsatadigan holatlar bor. Masalan, ayollarning hijob o'rashi, kafelardagi "halol" yozuvi, yilda ikki marta ommaviy nishonlanadigan hayit bayramlari. Shaharda o'n minglab musulmonning yig'ilishi, tabiiyki, xavotir uyg'otadi", - deydi Abashin.

Mutaxassisga ko'ra, bu narsalar radikalizm belgisi emas. Ammo ayrim ekspertlar ulardan muammolarini qidirmoqda, deydi u.

Radikallashuvning haqiqiy holatlarini Rossiya orqali Yaqin Sharqqa borib, jangari guruhlarga qo'shilayotgan muhojirlar misolida ko'rish mumkin. Rossiya xavfsizlik xizmatlari markaziy osiyolik mehnat muhojirlari tayyorlagan bir nechta terror xurujlarining oldi olingani haqida ham xabarlar bergan, ammo bu ma'lumotlarning qanchalik asosli ekanini tekshirishning imkoni yo'q.

Abashinga ko'ra, Sankt-Peterburgdagi portlashni qirg'izisitonlik yigit amalga oshirgani tasdiqlansa, bu markaziy osiyolik tomonidan sodir etilgan ilk terrorchilik xuruji bo'ladi.

Shunda ham, deydi u, portlashni uyushtirganlikda ayblanayotgan Akbarjon Jalilov mehnat muhojiri emas, balki Rossiyaga yoshligida kelgan va allaqachon Rossiya fuqaroligini olgan shaxsdir.

Sergey Abashin Markaziy Osiyodan kelgan ishchilar o'z an'anaviy jamiyatlaridan uzilib, izolyatsiyaga tushib qoladi va natijada radikal islomdan panoh izlaydi, degan qarashga qo'shilmaydi.

"Bunday qarash turli ko'rinishlarda ko'plab ekspertlar va siyosatchilar bayonotlarida uchrab turadi va boshida ishonarli ko'rinadi. Shu yerda haqli bir savol tug'iladi. Markaziy Osiyodan Rossiyaga ommaviy, bir necha millionlik migratsiya 20 yildan beri mavjud. Bu katta muddat. Agar yuqoridagi mantiqqa suyanadigan bo'lsak, nega shu paytgacha markaziy osiyoliklar tomonidan kattaroq masshtabdagi diniy konfliktlarga guvoh bo'lmadik? Shunday ekan, haqiqatda bu mantiq asosli emas", - deydi u.

"Migrantlar orasida dindorlik oshyapti, deyishga ham asos yo'q. Kimdir, odatdagidek, o'rtacha dindorligini saqlab qoladi; kimdir aksincha, diniy amallardan uzoqlashadi; kimdir esa dindorlashishi mumkin", - deydi u.

Shu bois, deydi Abashin, mehnat muhojirlarini bu masalada bir xil qolipga solib bo'lmaydi. Unga ko'ra, muhojirlarning Rossiyaga kelgach qanchalik dindorlashishi yoki dindan uzoqlashishi juda ko'p omillarga bog'liq va ular haqida umumiy xulosa qilish qiyin.

Migrantlarga nisbatan mavjud bu kabi noto'g'ri yondashuv va stereotiplar davlat siyosatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, deydi tadqiqotchi. Davlat din va migrantlar masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashib, masala bo'yicha xulosa chiqarishda yuqoridagi jihatlarini hisobga olishi kerak, deya tavsiya qiladi ekspert.

  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG