Rossiyada prezidentlik saylovi ortidan liberal muxolifat vakillari natija uchun nafaqat ovoz berish jarayonidagi firibgarliklarni, balki bir-birlarini ham ayblamoqda.
"Demokratlar birlashishi kerak, tarqoqlik yomon, deyayotgan bo'lsangiz, mening javobim shuki, men bunday yolg'onlarga ishonmayman", - deydi taniqli muxolifatchi Aleksey Navalniy.
Navalniy Kseniya Sobchak kabi liberal siyosatchilar bilan kuchlarini birlashtirish haqidagi takliflarni rad etadi. Sobchak yakshanba kuni o'tgan saylovda ikki foizdan kamroq ovoz to'pladi. Navalniy uni Kreml uchun ishlagan psevdo-liberal deb ataydi.
Tahlilchi Aleksandr Baunov fikricha, muxolifat hozir bir-biri bilan bahs qilishdan ortmayapti.
"Agar ijtimoiy tarmoqlardagi bahslarni kuzatsangiz, ikki toifani ko'rasiz. Ikki guruhdagi liberallar bir-birini ayblash bilan band. Bittasi boshqasini saylovga borgani va Sobchakka ovoz bergani uchun ayblasa, ikkinchisi saylovni boykot qilgani uchun malomat qilinyapti", - deydi u.
Saylovda ovozlarning faqat besh foizdan kamrog'i liberal muxolifat vakillariga berildi. Endigi savol - kelasi olti yil davomida ular qanday kurash olib borishi kerak?
Rossiyada oppozitsion guruhlar har qachongidan tarqoq. Ayrimlar hamma birlashib, yangi partiya tuzish kerak, desa, boshqalar hozirgi tartibni barbod qiladigan siyosiy va iqtisodiy inqiroz yuz berishini kutish kerak, demoqda. Lekin bu umid, strategiya emas.
Olti yil avval saylovlar ketidan Putinga qarshi namoyishlar avj olgan edi. Muxolifat inqilobiy muhit yuzaga kelganini aytgan edi. Ammo unday bo'lmadi. Bu safar saylovdan keyin namoyishlar ham yuz bermadi. Sabablardan biri - muxolifatga ishonchning yo'qligi. Ular saylov paytida Putindan ko'ra, bir-birlarini ko'proq tanqid qildi, deydi kuzatuvchilar.
Putinning eski tanqidchisi va sobiq deputat Gennadiy Gudkovga ko'ra, imkoniyatlar cheklangan.
"Putin Rossiyada mashhurligi sababli g'olib bo'ldi. Mashhur bo'lishiga sabab televideniye to'liq uning nazoratida. Boshqa axborot vositalari kabi kanallar propaganda quroliga aylantirilgan", - deydi u.
Putinning tanqidchilari Rossiyaning asosiy kanallarida chiqa olmaydi. Ular, asosan, internet va auditoriyasi kam mustaqil telekanallar bilan cheklanadi.
Satirachi Viktor Shenderovich yaqin orada siyosiy o'zgarish bo'lishiga ishonmaydi.
"Optimist va pessimist haqida bir qayg'uli latifa bor. Pessimist juda yomon, juda yomon, deb aytarkan. Optimist esa, nima deyapsan, hali bundan ham yomon bo'ladi, derkan", - deya kuladi u.
Facebook Forum