Breaking News

Rossiya Sovuq urush paytidagi raqibi bilan do’stlashmoqda


Rossiya va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Moskvada muloqot qilmoqda, 20-fevral, 2018-yil
Rossiya va Pokiston tashqi ishlar vazirlari Moskvada muloqot qilmoqda, 20-fevral, 2018-yil

AQSh-Pokiston aloqalarining sovuqlashganidan Rossiya unumli foydalanmoqda. Moskva Islomobod bilan harbiy, diplomatik, iqtisodiy munosabatlarni kuchaytirmoqda.

Sovet Ittifoqi 1980-yillarda Afg’onistonda kommunistik tuzum o’rnatganida AQSh afg’on mujohidlariga qurollarni Pokiston orqali uzatgan. Biroq 2001-yildan beri Afg’onistonda harbiy harakatlarni olib borayotgan Qo’shma Shtatlarning Islomobod bilan aloqalari so’nggi paytda eng quyi nuqtaga tushgan. Bundan Xitoy ham unumli foydalanmoqda. Energetika va harbiy sohalarda hamkorlik kuchaymoqda.

Pokiston Mudofaa vaziri Xurram Dastgir Xon Rossiya bilan aloqalarni izohlarkan, “bu endi boshlanishi, ikki mamlakat o’tmishni ortda qoldirib, kelajak eshigini ochishi kerak”, dedi.

Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Rossiyaning Afg’onistonda Tolibon bilan aloqalarni yo’lga qo’ygani Pokiston bilan yaqinlashuviga yordam berdi. Moskva tinchlik uchun muzokaralarga yo’l izlayapmiz, deydi.

Afg’oniston hukumati va AQSh Islomobodni jangarilarni dastaklayotganlikda, Tolibon rahbarlariga boshpana berganlikda ayblab keladi. Islomobod ayblovlarni inkor etadi. Aynan shu ayblovlar hamda AQShning Pokistonga moliyaviy va harbiy yordamini to’xtatgani Islomobodning Qo’shma Shtatlar bilan aloqalarining sovuqlashishiga sabab bo’ldi.

Pokiston jangarilardan zarar ko’rayotganini, ularga qarshi harbiy amaliyot olib borayotganini aytadi. Rossiya Afg’onistonda harakatlanayotgan “Islomiy davlat” to’dasining Markaziy Osiyoga tahdididan xavotirda.

“Diplomatik darajada ko’plab masalalar bo’yicha maqsadlarimiz mushtarak. Hamkorlik oshib boraveradi”, - dedi Pokiston Bosh vaziri Shohid Hoqon Abbosiy.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri Xo’ja Osifning aytishicha, uning mamlakati G’arb tomon 100 foizga yuz tutib, tarixiy xatoga yo’l qo’ygan.

“So’nggi 70 yil ichida tashqi siyosatimizda hosil bo’lgan muvozanatsizlikni to’g’irlamoqchimiz. G’arbdan butunlay yuz o’girayotganimiz yo’q, shunchaki, aloqalarda muvozanat bo’lishini, mintaqadagi do’stlarimizga yaqinroq bo’lishni istaymiz”, - dedi u.

Osifga ko’ra, Pokiston Xitoy, Rossiya, Turkiya bilan ittifoqlar tuzmoqchi. Ilgari, asosan, AQShdan qurol va harbiy samolyot oladigan Islomobod endi Rossiya qurol bozoriga ham nigohini qaratmoqda.

O’tgan oy Pokiston tashqi ishlar vaziri Moskvadagi muzokaralar natijasida mintaqada “Islomiy davlat”ga qarshi kurash uchun harbiy hamkorlik bo’yicha komissiya tuzishga, 2016-yilda boshlangan qo’shma harbiy mashqlarni davom ettirishga kelishib oldi. Pokiston, shuningdek, harbiy-havo kuchlari tarkibidagi qiruvchi samolyotlari uchun Rossiyadan dvigatel sotib olish haqidagi bitimni ham imzoladi.

Rossiya-Pokiston aloqalarining iliqlashayotgani Sovet Ittifoqi va Rossiyaning azaliy hamkori, Pokistonning raqibi Hindistonni xavotirga solmoqda.

“Agar ruslar Pokistonni siyosiy darajada qo’llab-quvvatlay boshlasa, Hindiston uchun bu muammo tug’diradi”, - deydi dehlilik tahlilchi Sushant Sarin.

Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya bilan aloqalar mustahkam ekanini, ikki mamlakat mudofaa va energetika sohalarida yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini aytadi.

AQSh bilan aloqalari sovuqlashgan Filippin va Qatar ham Moskva tomon yuz tutmoqda, biroq Rossiyaning Pokiston bilan uzoq muddatli aloqalardan maqsadi qanday ekani mavhum, deydi Stokgolmdagi Xalqaro tinchlikni o’rganish instituti tadqiqotchisi Pyotr Topichkanov.

“Buni hatto Rossiyada ham bilishmaydi, bu mavzuda jiddiy muhokamalarni ko’rmadik, hukumat xalqqa tushuntirib bergani yo’q”, - deydi u.

Rossiya Lohurdan Karachigacha 1100 kilometrlik gaz quvurini qurib bermoqchi. Ikki milliard dollarga teng loyiha 2015-yilda imzolangan, biroq AQShning Rossiya energetika sohasiga qo’ygan sanksiyalari sabab “Shimol-Janub” quvurining qurilishi boshlanmay turgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG