Yakshanba kuni Rossiyada muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlari va unga xayrixoh odamlar yana ko’chaga chiqib, Navalniyni ozod etishga chaqirdi, siyosiy o’zgarishlarni talab qildi.
Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, Sankt-Peterburg shahrida 1100 dan ortiq, mamlakat bo’ylab 5300 dan ziyod odam noqonuniy namoyishda qatnashgani uchun hibsga olingan. Jumladan, Navalniyning rafiqasi Yuliya Navalnaya ham qo’lga olinib, sud tomonidan 20 ming rubl jarimaga tortildi.
Ilk namoyish o’tgan hafta o’tkazildi, unda ham yuzlab odam qo’lga olindi. Hukumat ogohlantirishlariga qaramay, odamlar bu gal ham ko’chaga chiqdi.
Seshanba kuni 44 yashar Navalniy ustidan sud jarayoni o’tkazilib, faol uzoqroq muddatga qamalishi mumkin.
O’tgan yil avgustida samolyotda holsizlangan Navalniy muolaja uchun Germaniyaga olib borilib, 5 oydan so’ng Rossiyaga qaytib keldi. G’arb davlatlari faolning kimyoviy modda bilan zaharlanganini da’vo qilarkan, Kreml ayblovlarni inkor etmoqda.
Navalniy shartli qamoq muddati qoidasini buzgani uchun 17-yanvar kuni hibsga olindi.
Namoyishlar aholining bir qismiga mamlakatda siyosiy o’zgarishlarni talab qilish uchun yaxshi bahona bo’ldi.
“Biz ko’chaga yolg’iz Navalniy ozod etilsin deb chiqqanimiz yo’q. Barchamizning ozod etilishini talab qilamiz, chunki hammamiz shunday ahvoldamiz, qandaydir ma’noda mahbusmiz. Odamlar g’azabda”, - deydi Vladimir Perminov ismli moskvalik.
Navalniy rasmiylar va ularga aloqador odamlarni korrupsiyada ayblab, noqonuniy yo’l bilan qo’lga kiritilgan boyliklarini fosh etuvchi filmlar yaratish orqali elga tanildi.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken NBC telekompaniyasi bilan intervyu paytida Rossiyadagi namoyishlarni sharhlab, xalq korrupsiyadan charchaganini aytdi.
“Rossiya hukumati namoyishlarda qo’limiz bor deb o’ylayotgan bo’lsa, xato qiladi. Namoyishlarning bizga aloqasi yo’q. Odamlar kleptokratlardan charchagan”, - dedi Blinken.
Facebook Forum