Breaking News

Putin: Agressiv emasmiz, o'z manfaatlarimizni himoya qilayapmiz


Prezident Vladimir Putin Rossiya xalqaro sahnada agressiv siyosat olib borayotgani haqidagi ayblovlarni inkor etmoqda.

"Biz shunchaki o'z manfaatlarimizni kuchliroq va muntazam himoya qilayapmiz, xolos", - dedi u Sankt-Peterburda o'tgan iqtisodiy forumda.

"Rossiya doimo hamkorlik tarafdori bo'lib, bosiqlik bilan harakat qilgan. Lekin biz bilan tobora hisoblashmay, yakkalab qo'yishdi. Har narsaning chegarasi bor", - deya ta'kladi Putin.

Shu hafta Kreml interkontinental ballistik raketalari sonini yana 40 taga oshirishi haqida e'lon qildi. Ushbu xabar G'arbda, xususan NATO bosh kotibi tomonidan tanqidlar bilan qarshi olingan.

Xalqaro investorlar oldida so'zlagan Vladimir Putinga ko'ra, G'arb joriy etgan sanksiyalar Rossiyada krizisga olib kelmadi, chunki "iqtisodiyotimiz ichidan baquvvat".

"Qo'shma Shtatlar bizga o'z so'zini, irodasini o'tkazishga harakat qilib keladi. Manfaatlarimiz nimadan iborat ekanini o'zimiz yaxshi bilamiz. Vashington bizga aql o'rgatmasin", - deydi Putin.

Kuni-kecha Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi qo'ygan sanksiyalarini yana bir yilga uzaytirdi. Eksport-import, sarmoya, texnologiyalar va turizm sohalarini qamrab qolgan bu sanksiyalar Rossiya Qrimni bosib olganiga javoban joriy etilgan.

Ukraina yuzasidan kelishmovchiliklarga qaramasdan, deydi Rossiya rahbari, G'arb bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, ammo bunday hamkorlik tenglikka va o'zaro hurmatga asoslanishi darkor.

Putin forumda qilgan nutqida AQSh va Yevropa davlatlarini Ukrainadagi g'alayonlarni qo'llab-quvvatlaganlikda aybladi. Uning nazarida, Ukrainada Prezident Viktor Yanukovichni hokimiyatdan ag'dargan voqealar konstitutsiyaga zid bo'lgan qurolli to'ntarish edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG