Breaking News

Millatchilik Moskva meri poygalarida ham aks-sado bermoqda


Muhojirlar masalasi iqtisodiy muammolardan ko’ra ham ustunroq ko’rilmoqda. Shuning uchun saylovda asosiy masalaga aylangan.

Rossiyada davlat siyosatiga aylanib borayotgan millatchilik saylov kampaniyalarida ham aks-sado bermoqda. Moskvada avjiga chiqqan irqchilik kelasi oygi shahar meri poygalari bilan bog’liq ekani aytiladi. Ayrimlar bu hol ko’p millatli federatsiya inqirozidan darak, deydi.

Rossiyada millatchilik/Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:10 0:00
Yuklab oling

Moskva chetida mehnat muhojirlari uchun maxsus lagerlar paydo bo’lgan, yuzlab odamlar noinsoniy sharoitda saqlanadi unda. Politsiya esa muhojirlarni ovlash bilan band, millatchi tashkilotlar migrantlarni tahqirlashni kanda qilmaydi. Bularning bari Rossiyada irqchilikning yangi to’lqini quloch yozayotganidan darak beradi.

Mulohazalarga ko’ra, bu davlatning ichki muammolaridan ham kelib chiqadi. Slavyan bo’lmaganlarga qarshi kampaniya Rossiya fuqarosi, asli dog’istonlik shaxs politsiya xodimini kaltaklashi ortidan boshlangan. Mamlakatda Kreml va ayniqsa musulmon avtonom respublikalari o’rtasida ziddiyat kuchli. Siyosiy tahlilchilar irqchilik to’lqini ko’tarilganini Moskva shahri meri poygalari bilan ham bog’lamoqda.

“Hozirgi vaziyatga ko’ra, muhojirlar masalasi iqtisodiy muammolardan ko’ra ham ustunroq ko’rilmoqda. Shuning uchun bu saylov kampaniyasidagi asosiy masalaga aylangan. Afsuski, Rossiya jamoatchiligi bag’rikengligi bilan ajaralib turmaydi, jumladan, ksenofobiya, irqchilik, odamlarni tashqi ko’rinishiga qarab ajratish masalasida. Bundan saylovda foydalanilayotgani, bu masalaning davlat siyosatiga aylanayotgani esa o’ta tashvishli. Chunki muammoni yanada chuqurlashtiradi bu. Moskva o’z-o’zidan faqat slavyanlar shahri bo’lishi mumkin emas”, - deydi Moskvadagi Karnegi instituti siyosiy sharhlovchisi Mariya Lipman.

Moskvadagi huquq himoyachilari bir necha kundan buyon davom etayotgan muhojirlar ovi natijasida yuzlab fuqarolar maxsus lagerlarga joylashtirilgani, ko’pi politsiya tomonidan kaltaklangani haqida xabar tarqatishdi. Bu to’lqin o’zbekistonliklani ham og’ir vaziyatda qoldirgan. Qo’lga olingan o’zbekistonliklar kaltaklangan, ulardan pul talab qilingan, bir guruhi O’zbekistonga qaytarilgan. Ayni paytda lagerlar va politsiyada saqlanayotgan ko’plab vatandoshlar taqdiri noma’lum qolmoqda.

Buning ustiga o’zbekistonlik muhojirlar rasmiy Toshkent tomonidan biror yordam bo’lishiga umid qilmaydi, ayniqsa prezident Islom Karimov Rossiyadagi mehnat muhojirlaridan jirkanishi haqida bildirganidan so’ng. Mariya Lipmanga ko’ra, muhojirlar ko’proq Markaziy Osiyo davlatlari hisobiga to’g’ri kelsa-da, Kreml muammoni mintaqa bilan viza joriy etish orqali hal etishga tayyor emas.

“Ayni paytda Markaziy Osiyo geosiyosiy raqobat maydoniga aylangan. Rossiya bu maydonda ham migratsiya siyosatidan unumli foydalanib kelmoqda. Boshqa tomondan esa Kreml bu davlatlar bilan vizali tartib joriy etish bilan raqobat kuchli bo’lgan bu mintaqadagi geostrategik imkoniyatlarini boy berib qo’yish niyatida emas”, - deydi Mariya Lipman.

Internetda Rossiyadagi irqchilik haqida munozara qilayotganlar bu muammodan qutulish uchun Kremlga muxtor respublikalarga ozodlik berish yoki Moskva va respublikalar o’rtasida vizali tizimni joriy etishni maslahat bermoqda.
  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG