Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha AQSh komissiyasi 16 davlatni alohida xavotirga molik mamlakatlar qatoriga kiritdi. AQSh hukumati qoshidagi komissiya dunyo bo'ylab diniy erkinlik darajasini o'rganadi va prezident, davlat kotibi hamda Kongressga tavsiyalar beradi.
Xalqaro diniy erkinlik bo'yicha Amerika komissiyasi ish boshlagandan beri o'tgan qariyb 20 yil davomida Rossiya ilk bor alohida xavotirga molik o'lkalar ro'yxatiga kiritildi. Ma'muriy bosimdan tortib majburiy qamoqqa olishgacha bo'lgan turli tazyiqlarning kuchaygani bunga sabab bo'lgan.
"Avvalo, Rossiya hukumatiga yozma ravishda to'g'ridan to'g'ri AQSh prezidenti nomidan bir ogohlantirish bu. Diniy erkinlik qay tomonga qarab ketayotganidan jiddiy xavotirdamiz. Nafaqat qoidalar, balki yo'nalish bo'yicha ham. Bu narsa qaror berishimizda muhim rol o'ynadi", - deydi komissiya vakili Daniel Mark.
O'tgan oy Rossiya Oliy sudi "Iyegova shohidlari" guruhini ekstremist tashkilot deb topib, unga tegishli mol-mulkni musodara qildi.
"Bizni ekstremist deb tamg'alash ekstremizmga oid qonunning noto'g'ri qo'llanishiga ochiq dalil. "Iyegova shohidlari" bunday nishonga olinmasligi kerak, chunki biz Rossiyada ham, dunyoning boshqa biror davlatida ham tahdid emasmiz. 240 dan ortiq o'lkada ishlaymiz", - deydi guruh vakili Robert Uorren.
Uning aytishicha, Rossiyada 175 mingdan ortiq odam shu e'tiqodga ergashadi. Sud qarori chiqqandan beri tashkilot sayti bloklab qo'yildi. Guruh chiqargan "Injil" kitoblari ham taqiqlandi.
Markaziy Afrika Respublikasi ham alohida xavotirga molik davlat, chunki bu yerda bir necha yillardan beri musulmonlarga qarshi qirg'in va diniy zo'ravonlik davom etmoqda. Shu hafta yuzlab tinch aholi Bungasau shahrida hayotini saqlash uchun masjid ichiga yashirindi. Nasroniy jangarilar musulmonlarni va BMT tinchlikparvar kuchlarini nishonga olib keladi.
"Ozchilik qatlamni nishonga olgan va zo'ravonlikni alanga oldirishni ko'zlagan bunday jinoyatlarni keskin qoralayman", - deydi mamlakatdagi BMT kuchlari rahbari.
Myanmada Rohinja musulmonlari ham tazyiq ostida. Ayrimlari mamlakatni tark etmoqda. Shuningdek, nasroniylar ochiq ibodat qilishdan to'silib, buddizm diniga o'tishga majburlanmoqda. Shu bois Myanma ham xavotirli davlatlar ro'yxatiga qo'shildi. Hukumat va harbiylar bunday ayblovlarni inkor etadi.
Pokistonda shakkoklikka oid qonun o'zgartirilishi kerak, deya tavsiya qiladi komissiya. Chunki uning bandlari Inson huquqlari bo'yicha umumjahon deklaratsiyasining 18-moddasiga zid, deydi kuzatuvchilar.
Hisobotda 35 davlat qamrab olingan. Diniy erkinlik borasida yangi hukumat chora ko'rishi kerak, deydi mualliflar.
"Tramp ma'muriyati diniy erkinlikni tashqi siyosatdagi muhim masala deb belgilashini istaymiz", - deydi komissiya raisi Tomas Riz.
Hisobotda O'zbekiston ham alohida xavotirga molik davlatlar qatorida.
Facebook Forum