Breaking News

Jurnalist davlat siridan xabardor bo'lishi mumkinmi?


O’tgan hafta hibsga olingan rossiyalik sobiq harbiy muxbir Ivan Safronov davlatga xiyonatda ayblanmoqda. Prokurorning da’vo qilishicha, Safronov 2017-yilda Chexiyaga maxfiy harbiy ma’lumotlarni uzatgan. May oyida Rossiya fazo agentligi rahbariga maslahatchi etib tayinlangan sobiq jurnalist ayblovlarni inkor etmoqda, uning tarafdorlari jinoiy ish soxta ekanini aytmoqda.

“Bu 1997-yilda harbiy jurnalist Grigoriy Pasko josuslikda ayblanganidan beri yangi o’xshash jinoiy ishdir. Jurnalist davlat siridan voqif bo’lishi mumkin emas degan tushuncha va umumiy kelishuv bor edi. Safronov jurnalist bo’lgan paytidagi ishlari uchun tergov qilinmoqda. Bu davlat xizmatchisiga qarshi ayblov emas, bu jurnalistga qarshi ayblov”, - deydi “Yeltsin Media” loyihasi asoschisi Nataliya Rostova.

“Mediazona” nashriyotiga ko’ra, so’nggi 10 yilda josuslik va xiyonatga aloqador hukmlar besh baravar ko’paygan. Bunday sud jarayonlari odatda yopiq eshiklar ortida o’tadi.

“Bir necha odam davlat sirlarini oshkor etishda ayblangan; universitetimizdan ham chiqqan edi. Ammo bu odamlar davlat sirlarini bilishi mumkin emas. Bu boradagi xavotirlar asosli ekaniga ishonaman. Keyingi qurbon kim bo’lishini aytolmayman. Ehtimoliy qurbonlar ko’p, chunki Rossiyadagi ekspertlar hamjamiyati juda kattadir – siyosiy, iqtisodiy, xalqaro mavzularda”, - deydi amerikashunos mutaxassis Pavel Sharikov.

Tahlilchilarning aytishicha, xorijda professional tanishlari bor har qanday odam xiyonatda ayblanishi mumkin – jurnalistlar, olimlar, diplomatlar.

“Safronovning hibsga olinishi rossiyaliklarning G’arb bilan muloqoti ular uchun xavfli ekanini ko’rsatmoqda. Federal xavfsizlik xizmati yoki boshqa huquq-tartibot idoralaridan qo’rqib, Rossiyada ayrimlar endi g’arbliklar bilan aloqa qilishda o’ta ehtiyot bo’ladi deb o’ylayman”, - deydi AQShning O’zbekiston va Ukrainadagi sobiq elchisi Jon Xerbst.

Safronovga ayblov qo’yilishidan bir necha kun oldin boshqa bir jurnalist Svetlana Prokopyeva terrorizmni qo’zg’ashda aybdor deb topildi. Biroq qamalmadi, jarima to’lab, ozod bo’ldi.

“O’z-o’zimizni senzura qilishga tushib qolmaslik uchun ishimizni muvozanatga solishimiz kerak. Agar shunday bo’lib qolsa, xavfsizlik idoralari ishini bajardi deb sukut saqlashga majbur bo’lamiz, ammo biz jim turmasligimiz kerak”, - deydi Prokopyeva.

Safronovning ishi G’arb axborot agentliklari bilan hamkorlik qiluvchi rossiyalik jurnalistlarga ham tahdid solyapti, deydi CNN telekompaniyasining Moskvadagi muxbirlik punkti sobiq rahbari.

“Boshqa jurnalistlar bilan ishlash yoki ulardan ma’lumot olishga kelganda Rossiyada ishlayotgan xorijiy jurnalistlar hozirning o’zida oldindan aytib bo’lmaydigan holatga tushib qolmoqda. Ivan Safronov, Svetlana Prokopyeva, Ivan Golunov – ular har xil yo’nalishlarda ishlaydi, ammo hammasi hibsga olingan yoki sud qilingan. Moskvada ishlayotgan amerikalik jurnalist bo’lsangiz, ular bilan hamkorlik qilsam, mamlakatdan haydalib qolmaymanmi deb o’ylanib qolasiz”, - deydi hozir Vashingtondagi Uilson tahlil markazida ekspert Jil Doreti.

Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi qator tashkilotlar hamda ayrim matbuot organlari Ivan Safronovni qo’llab-quvvatlab bayonot chiqardi. Muxbirlar sud jarayonining ochiq o’tishini, jurnalistlarni josuslikda ayblashni bas qilishni talab qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG