G’arbning sanksiyalariga javoban, Moskva AQSh va Yevropaning bir qator davlatlaridan sut-go’st mahsulotlari va meva-sabzavot eksport qilishni to’xtatdi. Mutaxassislar so’zlariga ko’ra, bu tadbir qishloq xo’jaligiga asoslangan Markaziy Osiyo o’lkalari uchun yangi bir imkoniyat. Chunonchi, O’zbekiston yaqin ikki yilda Rossiyaga meva va poliz mahsulotlari sotishni ikki barobar oshirish niyatida ekani haqida xabarlar bor. Yangi imkoniyatdan Qirg’iziston qanday qanday manfaat topishi mumkin?
Jalol-Obod viloyatining so’lim Arslonbob diyorida yashovchi G’afurjon Rahmonaliyev asli shifokor. U ko’p yillardan buyon shifobaxsh meva va o’simliklar yetishtirish hamda ularni chetga chiqarish bilan shug’ullanadi.
“Imkoniyat yetarli. Aytaylik, arslonbobliklar Rossiyaga yong’oq, turli qoqilar yetkazib berishi mumkin. Transport ham muammo emas. Mahsulotimiz sifati yuqori, u ekologik jihatdan toza, tabiiy, bizda kimyoviy moddalar ishlatilmaydi», - deydi G’afurjon aka.
Suhbatdoshga ko’ra, Rossiyaga eksportning ko’payishi dehqon uchun qator qulayliklar yaratadi. Masalan, iste’molchi izlashga hojat qolmaydi. Mo’may daromad tushadi. Mamlakat g’aznasi ham foyda topadi.
Qirg’iziston Sovetlar davrida ham shimolga, ya’ni Rossiya hududlariga go’sht-sut, poliz mahsulotlari hamda meva-cheva yetkazib bergan. Mustaqillik yillari Rossiya bozorida raqobat kuchaygach, Qir’gizistondan eksport hajmi keskin kamaygan.
Respublika Iqtisod vazirligi rasmiylari o’lka yangi imkoniyatlardan foydalanishga tayyorligini bildirdi. Vazir o’rinbosari Danil Ibrayev mamlakatda yetishtirilgan mahsulot Rossiya do’konlarida qisman Yevropa tovarlari o’rnini bosishiga umid bildirdi.
Qirg’iz hukumatining O’sh viloyatidagi muxtor vakilining qishloq xo’jaligi masalalari bo’yicha o’rinbosari Ahmadjon Mahammadovning aytishicha, keyingi yillarda mahalliy dehqonlar poliz va bog’dorchilikka alohida e’tibor bermoqda. Bunga paxtadan ko’ra mevaning bozori chaqqonligi sabab, deydi u.
Rasmiylarga ko’ra, tashqi bozorga faolroq chiqish yo’lidagi asosiy muammo – mahsulotni sertifikatlash, tegishli guvohnomalar bilan ta’minlash.
“Buning uchun zamonaviy laboratoriyalar qurishimiz, savdo-logistika markazlarini ochishimiz lozim, mahsulotni taqdimot qila olishga o’rganishimiz darkor”, - deydi Mahammadov.
Kuzatuvchilar fikricha, Rossiya darvozalarining an’anaviy hamkorlar uchun kengroq ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlari qishloq xo’jaligi, demakki, mintaqa iqtisodiyotiga har jihatdan foydali. Gap o’sha imkoniyatlardan naqadar samarali foydalanishda, deydi mutaxassislar.