Rossiya va Saudiya Arabistoni rasmiylari Moskvada uchrashib, Suriyada tinchlik muzokaralarini qayta boshlash haqida gaplashgan.
“Eron kelishuvi yangi siyosiy muhitni yaratdi, - deydi Dubayda joylashgan Fors ko’rfazi tahlil markazi tadqiqotchisi Teodor Karasik. – Mintaqa davlatlari endi Suriya muammosini ham siyosiy murosa orqali yechishga urinmoqda”.
Moskvadagi uchrashuvdan so’ng Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri Adil al-Jubayr Riyodning urushni tinch yo'l bilan hal qilish tarafdori ekanini bildirdi. Uning aytishicha, siyosiy muloqotga Suriya hukumati va harbiylari taklif etilishi kerak, ammo Bashar al-Assad uning ishtirokchisi bo’lmasligi lozim.
“Assaddan keyingi Suriyada tartibni saqlash uchun hukumat va harbiy institutlarni saqlab qolish muhim”, - deydi al-Jubayr.
Assadga keskin qarshi bo'lib kelgan g'arbliklar ham endi yangi shartlarga rozi bo’lmoqda, deydi Yevropa Ittifoqining Suriyadagi sobiq elchisi Mark Pierini.
“G’arb dunyosi Suriya rejimi va armiyasining bir qismini saqlab qolishni maqsad qilmoqda. Chunki biz Iroqda va boshqa joylarda butun bir davlatni osonlikcha yangilab bo’lmasligini ko’rdik”, - deydi u.
Unga ko’ra, Suriya hukumatini yo’q qilib, boshqaruvni isyonkor guruhlar qo’liga topshirish inqirozni hal qilmaydi.
Suriya muxolifatini qattiq himoya qilgan ayrim davlatlar Assad hukumatiga nisbatan muomalasini yumshatar ekan, Tehron bilan tuzilgan bitim Assadning eng yaqin qo’llab-quvvatlovchilari bo’lgan Eron va Rossiyani ham murosaga ko'ndirishi mumkin.
Karasik fikricha, Rossiya va Saudiya Arabistoni o’rtasida o’tgan so’nggi uchrashuv Suriya tinchlik muzokaralarini jonlantirish maqsadida tashlangan yangi qadam bo’lishi mumkin.
“Islomiy davlat”ni yo’q qilishga qaratilgan global harakatlar kuchaygani ham Suriya nizosini tezroq tugatish zaruratini tug’dirmoqda. Jangari guruh Iroq va Suriyaning katta hududlarini nazorat qiladi hamda Suriyadagi boshboshdoqlik uning yanada kuchayishiga zamin hozirlamoqda.
Ammo tez orada yechim topilishi dargumon, deya ogohlantiradi Pierini.
To’rt yildan beri davom etayotgan va 200 mingdan ortiq odamning o’limiga sabab bo’lgan urushda tomonlar o’rtasida adovatni bartaraf etish oson bo’lmaydi. Ayrimlar hozirgi fikrini mahkam ushlab olgan.
“Turkiya prezidenti Suriya inqirozini hal qilishning yagona yo’li Prezident Assadni ag’darish, degan gapda turib olgan. AQSh va yevropaliklar bunday fikrda emas”, - deydi Pierini.
Riyod diplomatlari bilan uchrashuv ortidan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Rossiya va Saudiya Arabistoni munozarada qarama-qarshi ekanini tan oldi, ammo “Islomiy davlat”ga qarshi kurashda ular hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olganini ma’lum qildi. Ayni paytda u Suriya yuzasidan muloqotlar dastlabki bosqichda ekanini ta’kidlab o’tdi.
“Qilish lozim bo’lgan ishlar haqida fikr yuritishga kelishib oldik. Suriya hukumati va boshqa barcha guruhlar o’rtasida muloqot qayta boshlanishi uchun zarur muhitni yaratishimiz kerak”, - dedi Lavrov.