Breaking News

Rossiya Suriyadan jangovar samolyotlarining bir qismini olib chiqmoqda


Rossiya besh yarim oylik harbiy amaliyotlardan so’ng Suriyadan asosiy kuchlarini olib chiqishini bildirdi. Mudofaa vazirligiga ko’ra, harbiy samolyotlarning birinchi guruhi Suriyani tark etdi.

Prezident Vladimir Putinning aytishicha, aviatsiya unga yuklangan vazifani ado etdi.

"Mudofaa vazirligi va qurolli kuchlar oldiga qo’yilgan vazifa bajarildi. Suriya muammosini hal etish maqsadida bundan buyon Tashqi ishlar vazirligi tinchlik jarayonida faolroq qatnashadi”, - dedi Rossiya rahbari.

Bu mamlakat havo floti Latakiya viloyatidagi Xmeymim aviabazasida joylashgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi prezidenti, Angolaning BMTdagi elchisi Ismoil Gaspar Martinsning aytishicha, Jenevada muzokaralarning boshlangani ijobiy natijaga umid bag’ishlamoqda.

Dushanba kuni Putin telefon orqali Rossiya rejasini AQSh Prezidenti Barak Obama bilan muhokama qildi, tomonlar Suriya kelajagi haqida gaplashdi.

Suriya Prezidenti Bashar Assad Rossiyaga harbiy ko’magi uchun minnatdorchilik bildirdi. Rossiya harbiy-havo kuchlari yordamida so’nggi oylarda Suriya armiyasi katta hududlarni isyonchilar va terrorchilardan tortib oldi.

Jenevadagi tinchlik muzokaralarida qatnashayotgan Suriya muxolifati vakillari Rossiya harbiy kuchlarini qisqartirish qarorini olqishladi. BMTning Suriya bo'yicha maxsus vakili Staffan de Mistura ham buni ijobiy holat deb, siyosiy o'tish bosqichiga yetaklashiga umid qilmoqda.

AQSh hisobiga ko'ra, Rossiyaning Suriyada uch mingdan olti minggacha askarlari hamda yuzga yaqin samoloyotlari bor. Bazada qancha askar va samolyot qolishi hozircha ma'lum emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG