Breaking News

Ukraina urushi: Istanbuldagi muzokaralarda siljishmi? 


Istanbuldagi muzokara paytida
Istanbuldagi muzokara paytida

Rossiya o'z qo'shinlarini Kiyev va Chernigov atrofidan ola boshlagan. Bu Rossiya va Ukraina delegatsiyalarining Istanbuldagi muzokarasi natijasidir. Biroq bu chekinish urush ketayotgan aksariyat hududlarga tegishli emas.

Rossiya tarafi Ukrainaning neytrallik maqomi bo’yicha tashkiliy choralarga hozirlik ko'rish uchun sharoit yaratish maqsadida Kiyev va Chernigovdan qo'shinlar olinganini bildirdi.

AQSh razvedkasi Rossiya Kiyev yo’nalishida to’plangan qismlarini ortga sura boshlaganini tasdiqladi, ammo Davlat kotibi Entoni Blinken bu qismlar istalgan vaqt qaytishi mumkinliggia ishora qildi.

Istanbul muzokaralarida Ukraina tomoni mamlakat xavfsizligi kafolatlangan taqdirda NATOga a’zo bo‘lmaslikka rasman rozilik bildirdi.

Muzokaralarda Qrim va Donbass kabi eng og’ir mavzularda ham olg'a siljish kuzatilgan. Ukraina Qrimni qaytarish masalasida harbiy chora qo’llamaslik, Qrim maqomi bo'yicha muzokaralarni 15 yilga belgilashni taklif qildi.

Lugansk, Donetsk, umuman Donbass bilan bog’liq ziddiyatni prezidentlarning ikki tomonlama uchrashuvida muhokama qilish zarurati bildirildi, biroq Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qilgan Prezident Vladimir Putin maslahatchisi Vladimir Medinskiy buning uchun avval neytrallik maqomiga doir bitim yakuniy shaklga keltirilishi kerakligini aytib, Ukraina takliflari Putinga yetkazilishini ma'lum qildi.

Muzokaralardan qat’i nazar urush davom etyapti, rus qo’shinlari Donetsk, Lugansk hududlari bo’ylab Ukraina tomon siljishmoqda, Kiyev atrofidagi janglar shiddati esa ancha bosilishi kutilyapti.

Ukraina hududlari bo’ylab raketa, aviatsiya, artilleriya zarbalari davom etmoqda. Rossiya harbiy inshootlarni nishonga olayotganini iddao qilayotgan bo’lsa, Ukraina bu zarbalardan tinch aholi ham qurbon bo’layotganini, shaharlar vayron qilinayotganini bildirmoqda.

BMT hisobiga ko'ra, 28-fevraldan beri tinch aholi orasida qurbonlar soni mingdan oshgan, 4 millionga yaqin ukrainalik mamlakatdan qochib chiqqan, 10 milliondan oshig’i ichki qochqinga aylangan, 15 milliondan oshiq aholi esa urush ketayotgan hududlarda joylashgan.

Prezident Zelenskiy Istanbuldagi muzokaralardan avval rossiyalik jurnalistlarga onlayn intervyu berib, rus armiyasi urushni o’ta shafqatsiz yuritayotgani, insonparvarlik tamoyillari poymol etilayotgani, Rossiya armiyasi Ukrainani ayovsiz vayron qilayotgani haqida gapirgan.

Rossiya axborot vositalarida yoritilishi taqiqlangan bu suhbatda Zelenskiy Ukrainaning neytrallik maqomi bo’yicha referendum o’tkazilishi mumkinligiga ishora qildi.

Rossiya vakillari Istanbuldagi uchrashuvdan so'ng bergan bayonotida Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga a'zo bo'lishiga qarshi emasligini bildirdi.

Ukraina-Rossiya urushining 34 kuniga kelib tomonlar haqiqatda murosaga borishlari mumkinligiga doir umidlar paydo bo’lgani kuzatilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG