Rossiya va Ukraina o’rtasida taranglik avjga chiqarkan, AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo Rossiya harakatlarini agressiv deya qoralarkan, Ukraina hududiy daxlsizligini qo’llab-quvvatlashda davom etamiz, deydi.
Rossiya ukrainalik harbiy dengizchilarni rossiyalik chegarachilar ogohlantirishlarini pisand qilmay, o’z suvlariga noqonuniy kirganlikda ayblar ekan, ularni hibsxonada saqlamoqda.
Bundan g’azablangan Ukraina Prezidenti Petro Poroshenko va uning yevropalik hamkorlari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishni talab qilmoqda.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Xezer Noyertning aytishicha, Rossiyaning Ukrainaga nisbatan davom etayotgan agressiv harakatlari yangi xavfli bosqichga ko’tarildi.
Rasmiyga ko’ra, davlat kotibi kelasi hafta Bryusselda NATO majlisida bo’lib, hamkor davlatlar bilan shu mavzuda gaplashadi.
Amerikalik tahlilchilar ham vaziyatning keskinlashishida Rossiyani ayblamoqda.
“Rossiyaning aybi borligini bilamiz. Hibsga olingan ukrainaliklarni garovda saqlashmoqda. Zamonaviy, madaniyatli davlat o’zini bunday tutmaydi”, - deydi Vashingtondagi Xalqaro respublikachilar instituti eksperti Yan Surotchak.
Uning aytishicha, Moskva so’nggi besh yildan beri Ukrainani beqarorlashtirishga urinmoqda.
“Rossiya bu voqea bilan Ukraina o’z chegarasini mudofaa qilishga ojiz ekanini, Kiyevdagi hukumat noqonuniy ekanini ko’rsatmoqchi. Moskva demokratik Ukrainaning rivojlanishini, ko’karishini istamaydi”, - deydi Surotchak.
Ba’zi kuzatuvchilar vaziyat izdan chiqishidan xavotirda.
“Prezident Poroshenko saylovdan oldin reytingini ko’taraman deb, harbiy harakatlarga qo’l ursa, bir vaziyat ikkinchisiga sabab bo’lib, katta urush boshlanib ketishi mumkin”, - deydi vashingtonlik yana bir tahlilchi Lyuk Kofi.
AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari bilan oy oxirida Argentinada bo’ladigan Katta Yigirmalik sammitidagi uchrashuvni bekor qilishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Avval vaziyatni yaxshiroq o’rganay, dedi Tramp.
Facebook Forum