AQSh harbiylari shu hafta Ukrainaga safar qilib, mahalliy qo'shinlarni mashqdan o'tkazishga kirishmoqda. Rossiya nazarida xorij askarlari mamlakatda vaziyatni izdan chiqarishi mumkin.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so'zlovchisi Dmitriy Peskovning aytishicha, Rossiya yoki Ukrainadan bo'lmagan, chet ellik instruktorlar sharqdagi ahvolga salbiy ta'sir qilishi mumkin.
Amerika mutaxassislaridan iborat brigada shu hafta Ukrainaga yetib borgan.
Rossiya rahbari Vladimir Putin payshanba kungi chiqishida Amerikani xalqaro maydonda buyruq berishga urinayotganlikda ayblagan. Lekin Rossiya hamkorlikka hanuz tayyor, deydi u.
Putin televideniyeda jamoatchilik bilan har yilgi savol-javob paytida shu haqda gapirgan.
Amerika haqida to'xtalar ekan, Putin jahonda o'zini eng qudratlisi deb bilgan davlatlar ittifoqchi izlamaydi, ularga xizmatkor kerak, degan.
Putinning aytishicha, Ikkinchi jahon urushidan keyin Moskva Sharqiy Yevropa davlatlariga o'zining siyosatini kuch bilan o'tkazishga uringan, buning oqibati ayanchli bo'lgan.
Bugun amerikaliklar xuddi o'sha paytdagi Moskvaga o'xshab harakat qilayapti, deb hisoblaydi Putin.