AQSh rasmiylariga ko’ra, rossiyalik kiber-mutaxassislar o’tgan yili 21 shtatda saylov tizimini nishonga olgan.
Bu haqda Ichki xavfsizlik vazirligi xodimi Janet Manfra ma’lum qildi. Biroq, dedi u, bunday aralashuv hisobdan o’tgan ovozlar soniga ta’sir qilmagan.
Manfra Senatda o’tgan tinglovda qonunchilar savollariga javob berdi. Rus xakerlari aynan qaysi shtatlarni nishonga olganini va qaysilarida saylovchilar ro’yxati yoki boshqa ma’lumotlarni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’lganini saylov mutasaddilari jamoatchilikka oshkor etmoqchi emas.
“Ma’lumotni yashirganimiz bilan mamlakatimiz yanada xavfsizroq bo’lib qolmaydi”, - dedi Razvedka qo’mitasi a’zosi senator Mark Uorner.
Biroq Indiana shtati davlat kotibi buning sababini shunday izohladi:
“Xalqning saylov tizimiga ishonchi yo’qolishidan qo’rqaman. Ovozi inobatga olinmaganini bilishdan yomonroq narsa yo’q”, - dedi Konni Loson.
Obama ma’muriyatida ishlagan vazirning aytishicha, saylov davrida shtat saylov rasmiylari federal agentliklarning saylov xavfsizligini ta’minlashga doir yordam taklifini darrov qabul qilmagan.
“Saylovchilar ro’yxatini qo’lga kiritish harakatlari kuchayganini ko’rib, shtat rasmiylarini hamkorlikka bot-bot da’vat etdim”, - deydi sobiq Ichki xavfsizlik vaziri Jey Jonson.
Obama ma’muriyati saylov tizimini Amerika infratuzilmasining muhim bir qismi deb, federal hukumat va shtatlar o’rtasida hamkorlikni kuchaytirmoqchi bo’lgan, ammo shtat rasmiylariga ko’ra, Amerika saylov tizimining markazlashmaganida hikmat bor.
“Bunday muxtoriyat g’animlar faoliyatini cheklaydi”, - deydi Indiana rasmiysi.
Saylov tizimining zaif tomonlarini o’rgangan kompyuter mutaxassisi Aleks Xalderman Kongressdagi tinglovda o’z qarashlarini bildirdi.
“Biz ovoz berish apparatlariga hujum qilib, ovozlarni o’g’irlash yo’llarini aniqladik. Demak, Amerika dushmanlari ham bunga qodir”, - dedi ekspert.
Ovoz berish apparatlari internetga ulanmagan bo’lsa-da, dedi Xalderman, ularni programmalashtirish uchun qo’llaniluvchi dasturiy ta’minotni qo’porsa bo’ladi.
Facebook Forum