Breaking News

Suriya AQSh-Rossiya to'qnashuviga sabab bo'lishi mumkinmi?


AQSh va Rossiyaning Suriyada to’qnashish ehtimoli kuchaymoqda. Prezident Donald Tramp Suriyaga raketa yog’diraman, demoqda, Rossiya raketalarni nafaqat urib tushiramiz, balki ularni otayotgan moslamalarga ham hujum qilamiz, deya javob bermoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashida ham bu ikki mamlakat qattiq olishmoqda. Rossiya AQShning, AQSh esa Rossiyaning Suriyaga doir rezolyutsiyalari loyihalarini o’tkazmadi. AQSh Suriyaning Duma shahrida aholiga qarshi kimyoviy qurol qo’llangani haqida da’vo qilsa, Rossiya hujum haqidagi xabarlarning uydirma ekanini aytmoqda.

Suriya hukumati BMT qoshidagi Kimyoviy qurollarni man qilish tashkiloti inspektorlarini Dumaga borib, voqeani taftish qilishga chaqirmoqda. Rossiya BMT Xavfsizlik Kengashida AQSh rezolyutsiya loyihasiga veto qo’yishi Amerika elchisining g’azabini keltirdi.

“Rossiya Suriya xalqini inkor etib, maxluqni himoya qilgani tarixda qoladi”, - dedi Nikki Xeyli.

Biroq Rossiya taklif etgan rezolyutsiya loyihasi ham yetarlicha ovoz olmadi. Shunga qaramay, Kimyoviy qurollarni man qilish tashkiloti inspektorlari Suriyaga yo’l olmoqda.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibasi Xezer Noyert bu qadamni olqishlarkan, kimyoviy hujum ortida kim turganini bilish juda muhim, dedi.

“Taftish komissiyasi Dumada qanday kimyoviy moddalar qo’llanganini aniqlabgina qolmay, kim bu ishga qo’l urganini ham fosh qilishi kerak, - dedi Noyert.

Oq uy matbuot kotibasi Sara Xakkabi Sandersning aytishicha, Prezident Tramp Britaniya va Fransiya bilan Dumadagi voqeaga qanday javob berish xususida maslahatlashmoqda.

“Prezident tongda Britaniya Bosh vazirasi Tereza Mey bilan gaplashdi. Ikki rahbar Suriya Prezidenti Assadning inson hayotiga befarqligini qoraladi. Prezident Tramp Suriya bo’yicha qaror ustida o’ylanarkan, Amerika davlatlari sammitiga, Kolumbiyaga bormaydigan bo’ldi”, - dedi Sanders.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG