Breaking News

AQSh va G'arb Rossiya bilan diplomatik urushni boshladi


Rossiyaning Varshavadagi elchisi
Rossiyaning Varshavadagi elchisi

Qo’shma Shtatlar Rossiya elchixonasining ayrim xodimlarini josuslikda ayblab, 60 nafar diplomatni mamlakatdan haydashga qaror qildi. Ularga ketish uchun bir hafta muhlat berilgan.

Bungacha 23 rossiyalik diplomatni haydagan Britaniya Rossiyani sobiq rus josusi va uning qizini kimyoviy modda bilan zaharlaganlikda ayblab, ittifoqchi davlatlarni rus diplomatlarini mamlakatlaridan chiqarib yuborishga da’vat etgan. Fransiya, Germaniya, Polsha, Ukraina va Yevropaning yana bir necha davlati o’xshash qarorlar qabul qildi.

Sergey Skripal va uning qizi Yuliya Britaniyaning Solsberi shahrida asab-falaj gazi bilan zaharlangan. London kimyoviy modda Rossiyada ishlanganini, Prezident Putin buyrug’iga ko’ra qo’llanganini aytmoqda.

Ittifoqchisi harakatlarini qo’llab-quvvatlagan Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Sietl shahridagi konsullik xizmatini yopishga ham qaror qildi. Shunga qaramay, deydi Oq uy vakili, Prezident Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlikka tayyor.

“Birlashgan Qirollikda yuz bergan voqeani mas’uliyatsiz deb atash mumkin. Kimyoviy hujum nafaqat bu ikki odam, balki atrofdagi ko’plab begunoh insonlar hayotiga ham xavf soldi”, - deydi Oq uy matbuot kotibi Raj Shoh.

AQShning Rossiyadagi elchisi Jon Xantsmen Amerika qarorini shunday izohlab berdi:

“Qo’shma Shtatlar Britaniya tomonidan taqdim etilgan dalillardan qoniqish, hujum Rossiyaning ishi ekaniga to’liq ishonch hosil qildi”, - dedi u.

Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonovning aytishicha, Vashingtonning bu qarori yaqinda ikki prezidentning telefon orqali konstruktiv muloqoti ruhiga qarshi bo’ldi.

Ayrim tahlilchilar nazarida, hech kim Tramp ma’muriyatidan bunday keskin harakatlarni kutmagan edi.

“Rossiyaning bu kabi harakatlariga ortiq toqat qilmaymiz. Mavhumlik va inkorlik pardasi ortida ortiq yashirinish ish bermaydi. Bu hujumda Rossiyaning barmoq izlari ravshan, qattiq chora ko’rmasak bo’lmasdi. Bundan ham qattiqroq chora ko’rish zarur, masalan, yirik oligarxlarga saksiyalar qo’yib”, - deydi AQShning Rossiyadagi sobiq elchisi Aleksandr Vershbou.

Boshqa tahlilchilar nazarida, Oq uy qarori AQShning Britaniya bilan birdamligi nishonasi, Putinga ogohlantirish bo’ldi.

“AQSh-Britaniya birdamligini, ittifoqi mustahkamligini ko’rib, Rossiya bundan keyin qadamini o’ylab bosadi”, - deydi Vashingtondagi Gudzon tahlil institutidan Richard Vays.

Rossiya diplomatlarini haydagan mamlakatlar javob chorasiga tayyor turibdi. Sentabr oyida Rossiyadan amerikalik 755 diplomat haydalgan edi, bu gal kamida 60 nafari persona non-grata deb e’lon qilinishi kutilmoqda.

Yevropa Kengashi Prezidenti Donald Tusk ittifoqqa a’zo ayrim davlatlar ham jazo choralari ko’rayotganini tasdiqladi.

“Yevropa Ittifoqining Rossiyadagi elchisini maslahatlashuv uchun chaqirib oldik. Ittifoqqa a’zo 14 mamlakat rossiyalik diplomatlarni haydashga qaror qildi. Yaqin kunlar yoki haftalarda qo’shimcha choralar ko’rilishi ham mumkin”, - dedi Tusk.

NATOga a’zo Slovakiya va Turkiya bu ishdan o’zlarini tiyishga qaror qildi. Turkiya rasmiylariga ko’ra, josus Skripalning ishi Rossiya va Britaniya o’rtasidagi mojaro bo’lib, ikki mamlakat uni o’zaro hal qilishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG