Rossiyada konstitutsion tuzatishlarga doir bir haftalik referendum bugun nihoyasiga yetdi. Avvaliga aprel oyiga rejalangan jarayon koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgan edi.
Referendumni targ’ib qiluvchi reklamalarda tuzatishlar sog’liqni saqlash va ta’lim tizimlarini yaxshilashga olib kelishi aytiladi. Yangi konstitutsiya amaldagi rahbarga yangi muddatga saylanish imkonini ham beradi.
Muxolifatchi Vladimir Milovning aytishicha, siyosiy reklamalarda tuzatishlarning bu tarafiga e’tibor berilmagan.
Prezident Vladimir Putin konstitutsion tuzatishlar siyosiy barqarorlikni ta’minlashga, muhim muammolar yechimi bilan shug’ullanishga imkon berishini aytdi.
Ba’zilar nazarida, koronavirus pandemiyasi Rossiyada siyosiy va iqtisodiy ahvolni yomonlashtirib, Kremlni Putinning kelajagi haqida qayg’urishga majburladi.
“Putinning reytingi anchadan beri tushib kelayotganini tushunishadi. Kelayotgan kuzda ham, qishda ham tushishda davom etadi”, - deydi mustaqil siyosiy tahlilchi Dmitriy Oreshkin.
Pandemiya sabab referendum bir haftaga cho’zdirildi, saylovchilar salomatligi va ijtimoiy masofani ta’minlash uchun choralar ko’rildi.
Saylovchilarga qo’lqop va niqob taqish buyurildi, saylov uchastkalarida tana harorati o’lchandi.
“Shu kunlarda sog’liq va xavfsizlikni kafolatlash qiyin bo’lib qoldi, ammo himoya vositalari bilan tashvishlanmasa bo’ladi. Saylovda hamma o’z fikrini bildirishi kerak”, - deydi Andrey ismli saylovchilardan biri.
Biroq tibbiy xodimlar karantinning referendumdan oldin yumshatilishi epidemiyani kuchaytirishidan xavotirda.
“Hukumatimiz xalq salomatligi haqida o’ylamaydi. Amaldorlar siyosiy kelajagi haqida qayg’urmoqda”, - deydi shifokor Anastasiya Vasilyeva.
Rossiyada koronavirusga chalinganlar 655 mingga yaqinlashmoqda, AQSh va Braziliyadan keyin uchinchi ko’rsatkich.
Shunga qaramay, o’tgan hafta odatda 9-mayda bo’ladigan harbiy parad ham o’tkazildi. Minglab askarlar Qizil maydondan niqobsiz o’tdi.
Facebook Forum