Breaking News

Rossiya qishki olimpiadada ishtirok etish huquqidan mahrum qilindi


Xalqaro Olimpiya qo'mitasi rahbarlari Rossiyaga oid qarorni e'lon qilmoqda, Lozanna, Shveysariya, 2017-yil, 5-dekabr.
Xalqaro Olimpiya qo'mitasi rahbarlari Rossiyaga oid qarorni e'lon qilmoqda, Lozanna, Shveysariya, 2017-yil, 5-dekabr.

Xalqaro Olimpiya qo'mitasi Rossiyani 2018-yil Janubiy Koreyada bo'ladigan qishki olimpiya o'yinlarida ishtirok etish huquqidan mahrum qildi.

2014-yil Sochida bo'lib o'tgan olimpiadada rossiyalik sportchilar doping qabul qilish va tekshiruvchilarni aldash bo'yicha mukammal tizim qo'llagani fosh bo'lgach va bu haqda izchil tekshiruv o'tkazilgach, xalqaro qo'mita shunday qarorga kelgan.

Rossiya hukumati doping bo'yicha qo'yilgan ayblovlarni inkor etib keladi.

Xalqaro olimpiya qo'mitasi Rossiyani allaqachon Sochi olimpiadasida olingan 11 medaldan mahrum qilgan, 20 dan ortiq sportchiga esa musobaqalarda qatnashish bo'yicha bir umrlik taqiq qo'yildi.

Lekin ayrim rossiyalik sportchilar mustaqil tarzda olimpiadada qatnashish uchun ariza topshirishi mumkin. Agar qabul qilinsa, ular "Rossiyadan kelgan olimpiya sportchisi" nomi yozilgan forma kiyadi va olimpiada bayrog'i ostida tushadi. Bu sportchilar uchun Rossiya emas, olimpiada madhiyasi kuylanadi.

Qishki olimpiya o'yinlarida, shuningdek, rossiyalik rasmiylar va sport mutasaddilarining ishtirok etishiga yo'l qo'yilmaydi. Sochi olimpiadasi payti Sport vaziri bo'lgan Vitaliy Mutko va uning o'rinbosari Yuriy Nagornix kelajakda hech bir olimpiya o'yinlarida ishtirok eta olmaydi.

Tekshiruv uchun ketgan mablag'larni qoplash hamda dopingga qarshi Mustaqil tekshiruv idorasini ochish uchun Rossiyaga 15 million dollar jarima ham solindi.

Agar Rossiya Olimpiya qo'mitasi xatosini to'liq tan olib, qo'yilgan shartlarning barchasini bajarsa, Janubiy Koreyadagi qishki olimpiya o'yinlarining yopilish marosimida rossiyaliklarning ishtirok etishiga qisman yoki to'liq ruxsat berilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG