Breaking News

Rossiyaning BMTdagi uzoq yillik elchisi Vitaliy Churkin olamdan o'tdi


Elchi Churkin BMT Xavfsizlik Kengashida, Nyu-York, 2-fevral, 2017
Elchi Churkin BMT Xavfsizlik Kengashida, Nyu-York, 2-fevral, 2017

Rossiyaning 2006-yildan beri BMTda elchilik qilayotgan diplomati Vitaliy Churkin bugun Nyu-Yorkda vafot etgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, u yurak xurujiga uchragan.

Ertaga 65 yoshini qarshilayotgan Churkin, usta va cho'rtkesar muzokarachi, G'arb, xususan Qo'shma Shtatlar bilan aloqalarda yetakchi rol o'ynab kelayotgan edi.

Ona tilidan tashqari ingliz, fransuz va mongol tillarini bilar edi. Kanada, Belgiya, sobiq Yugoslaviya, NATOda elchilik qilgan. Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari lavozimida ham ishlagan.

Churkin AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer bilan, BMT Xavfsizlik Kengashi, 2014
Churkin AQShning BMTdagi elchisi Samanta Pauer bilan, BMT Xavfsizlik Kengashi, 2014

1954-yilda Moskvada ziyoli oilasida dunyoga kelgan Churkin bolaligida Sovet kinolarida o'ynagan, jumladan tarixiy kartinalarda.

1974-yilda Moskva Davlat universitetini bitirib, SSSR Tashqi ishlar vazirligida professional faoliyatini boshlagan. Diplomatlikning birinchi o'n yilligini u AQSh bo'yicha lavozimlarda o'tkazgan, Moskvada va Vashingtonda.

Keyinchalik u Tashqi ishlar vazirligida turli idoralarni boshqargan, so'ngra vazir muovini vazifasida ishlagan.

1990-2000 yillarda u sobiq Yugoslaviya va NATO bo'yicha bosh diplomat, Kanada va Belgiyada elchi bo'lgan.

2006-yilda Nyu-Yorkka tayinlanishidan oldin esa uch yil mobaynida Yevropa va Arktika masalalari bilan shug'ullangan, bosh muzokarachi sifatida.

Churkin Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jaafariy bilan, BMT Xavfsizlik Kengasghi, 2016
Churkin Suriyaning BMTdagi elchisi Bashar Jaafariy bilan, BMT Xavfsizlik Kengasghi, 2016

Churkin 10 yildan oshibdiki Rossiya va G'arb orasidagi kelishmovchiliklar va nizolar markazida edi: Gruziya bilan urushdan tortib, Ukrainadagi mojaro, Suriya, Afg'oniston, Eron, Shimoliy Koreya va boshqa ko'plab xalqaro masalalarda.

BMTda elchilik Kremlning pozitsiyasini BMT Xavfsizlik Kengashiga tushuntirish va dunyodagi eng qudratli davlatlar bilan doimiy munozara va muzokara talab qiladi.

Hamkasblar uni cho'rtkesar, lekin bag'oyat zehnli, tajribali va o'z vatani va xalqi uchun sidqidildan xizmat qilgan, zahmatkash diplomat deya tilga oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG